Logo

Qohira shahrida O'zbekiston-Misr biznes-forumi bo'lib o'tdi

Iyul 03, 2025. 17:39 • 58 soniya

168
Qohira shahrida O'zbekiston-Misr biznes-forumi bo'lib o'tdi

QOHIRA, 4-iyul. / "Dunyo" AA/. Qohira shahrida O'zbekiston-Misr biznes-forumi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o'rinbosari Ulug'bek Uzoqov boshchiligidagi viloyat ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiyasi va misrlik tadbirkorlar ishtirok etdi.

Forum Misrning qishloq xo'jalik mahsulotlari, jumladan kartoshka va qand lavlagi yetishtirish bo'yicha tajribasini o'rganish, shu asosda mamlakatimizda sifatli kartoshka urug'larini yetishtirish hamda misrlik tadbirkorlarning investitsiya va tajribasini yurtimiz qishloq xo'jaligi sohasidagi loyihalarga jalb qilish maqsadida tashkil etildi.

Tadbir doirasida Qashqadaryo viloyatidagi "Agro Gold Premium", "Kitob Yetti Xazina", "Shahrisabz premium" mas'uliyati cheklangan jamiyatlar va Misr Qishloq xo'jaligi tadqiqot markazi, "EFC Plants Tissue Culture S.A.E, "Daltex Corporation", "Ms Al Saad Group", "Nile Sugar", "Pharaoh for agriculture and investment", "KHBS" kompaniyalari vakillari o'rtasida G2B va V2V formatida uchrashuvlar bo'lib o'tdi.

Muzokaralar natijasida "EFC Plants" kompaniyasi va "Agro Gold Premium" MCHJ o'rtasida serhosil kartoshka navlarini yetishtirish bo'yicha Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shuningdek, hamkorlikning keyingi bosqichi sifatida O'zbekistonda kartoshka urug'ini yetishtirish to'liq siklini mahalliylashtirishni ko'zda tutuvchi istiqbolli loyihani amalga oshirishga kelishib olindi.

 Bundan tashqari, "Daltex Corporation" kompaniyasi bosh ijrochi direktori Ahmad al-Naggar boshchiligidagi delegatsiyaning O'zbekistonga biznes-missiyasini uyushtirish taklifi qo'llab-quvvatlandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish