Logo

Karachi shahrida O'zbekiston-Pokiston biznes-forumi bo'lib o'tdi

Iyun 28, 2025. 11:16 • 2 daq

96
Karachi shahrida O'zbekiston-Pokiston biznes-forumi  bo'lib o'tdi

KARACHI, 29-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va mamlakatimiz ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyasining Pokistonga amaliy safari doirasida Karachi shahrida O'zbekiston-Pokiston biznes-forumi o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda kimyo, qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, teri va junni qayta ishlash, farmatsevtika, qurilish mahsulotlari kabi bir qator sohalarida faoliyat yurituvchi O'zbekiston va Pokiston biznesining yetakchi vakillari ishtirok etdi.

O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev forumning ochilish qismidagi nutqida, mamlakatimizda investorlar uchun ochiq, zamonaviy va qulay muhit yaratilgani, mintaqaviy o'zaro bog'liqlik tashabbusi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari haqida batafsil so'zlab berdi. Shuningdek, savdo hajmini ko'paytirish, qo'shma loyihalarni amalga oshirish va strategik sohalarda hamkorlikni kuchaytirish, qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, energetika, axborot texnologiyalari, raqamlashtirish, farmatsevtika, turizm va logistika sohalarida katta salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Pokiston Savdoni rivojlantirish agentligi direktori Fayz Ahmad o'z navbatida, mamlakatlarimiz o'rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, o'zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, birgalikda import o'rnini bosuvchi va eksportga yo'naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlariga to'xtaldi.

Biznes-forum doirasida tashkil etilgan "B2B" shaklidagi muzokaralarda kimyo, to'qimachilik, teri va junni qayta ishlash, qurilish mahsulotlari, qishloq xo'jaligi yo'nalishlarida bir qator shartnomalar imzolandi.

Iqtisodiy tadbir yakunida ikki tomonlama muzokaralarni izchil davom ettirish va aniq loyihalarni joyida kelishish maqsadida joriy yilning avgust oyida Sind viloyati tadbirkorlari delegatsiyaning O'zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish to'g'risida kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish