Gujranvala va Gujrat shaharlarida O'zbekiston-Pokiston hududlararo savdo-iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
Iyul 28, 2025. 07:45 • 2 daq
• 100
ISLOMOBOD, 28-iyul. /"Dunyo" AA/ Joriy yilning 24-25-iyul kunlari mamlakatimiz elchixonasi diplomatlari iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish maqsadida amaliy safar bilan Pokistonning Gujranvala va Gujrat shaharlarida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safarning birinchi kunida diplomatlarimiz davlat xususiy sheriklik asosida Pokiston Sanoat va ishlab chiqarish vazirligi huzuridagi "Gujranwala Business Sentre"da bo'lib, markaz rahbari Ahmad Ikram Lon bilan uchrashuv o'tkazdilar. Muzokaralar natijasida joriy yil noyabr oyida markaz va mahalliy sanoat vakillaridan iborat delegatsiyaning O'zbekistonga biznes-missiyalarini tashkil etishga kelishib olindi.
O'zbekiston diplomatlari, shuningdek, Gujranvala Savdo-sanoat palatasi prezidenti Muhammad Siddiqiy Xan bilan uchrashdilar. Pokiston tomoniga O'zbekistonning sanoat va investitsiya sohalaridagi imkoniyatlari, investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari haqida ma'lumot berildi.
Muzokaralar yakunida joriy yilning sentyabr oyida Gujranvala Savdo-sanoat palatasi va ishbilarmon doiralar vakillarining, jumladan to'qimachilik sohasi korxonalari va boshqa yirik ishlab chiqaruvchilarning mamlakatimiz hududlariga safarini uyushtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Xizmat safarining ikkinchi kuni Gujrat shahrida davom etdi. Tashrif doirasida Gujrat Savdo-sanoat palatasi prezidenti Muhammad Munir Peshovariy, mahalliy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar hamda yangi tashkil etilgan Ayollar Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan muzokaralar o'tkazildi.
Muloqotlar davomida Gujrat sanoatchilari o'z mahsulotlarini sotish maqsadida Markaziy Osiyo bozoriga chiqishdan manfaatdor ekanini bildirib, qisqa muddatlarda O'zbekistonda ishlab chiqarishni tashkil etish istiqbollarini chuqur o'rganish va tegishli takliflarni ishlab chiqishlarini ta'kidladilar.
Ayollar Savdo sanoat palatasi vakillari esa O'zbekistonda ayol tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, grantlar va davlat dasturlari haqidagi ma'lumotlarga katta qiziqish bildirishdi. Ular ushbu yo'nalishda o'zaro tajriba almashishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.
Muzokaralar natijasida joriy yil avgust oyida ikki mamlakat savdo sanoat palatalari ko'magida videokonferensiya shaklida tadbirkorlar uchrashuvini tashkil etish, dekabr oyida Gujrat delegatsiyasining O'zbekistonga safarini amalga oshirish hamda qo'shma loyihalarni yo'lga qo'yish maqsadida Pokistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar namunalarini yurtimizga yuborish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur xizmat safari Gujranvala va Gujrat shaharlari ishbilarmon doiralarining yurtimizda tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan keng tanishtirish, kelgusida ikki mamlakat hududlari o'rtasidagi biznes aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida hamkorlik kengaytiriladi