Ravalpindi shahrida Pokistonning yirik transport-logistika kompaniyasining O'zbekiston bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Noyabr 17, 2024. 13:26 • 2 daq
• 514
RAVALPINDI, 17-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher Tuxtayev Pokistonning Ravalpindi shahrida "National Logistics Corporation" (NLC) transport-logistika kompaniyasi rahbari Farrux Shahzad Rao bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida iqtisodiy munosabatlar darajasini yuksaltirish, savdo hajmini oshirish, tovarlar nomenklaturasini kengaytirish, shuningdek, logistika, bojxona tekshiruvlari va tovarlarni o'z vaqtida yetkazib berish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat davomida ikki mamlakat rahbarlarining kelishuvlarini amalga oshirishni ta'minlash maqsadida, kompaniya Toshkentdagi ofisini yana-da obodonlashtirish, Termizdagi "Xalqaro Kargo markazi" hududidagi omborni kengaytirish va yangi logistika markazini tashkil etish ustida ish olib borayotgani ma'lum qilindi.
"Biz O'zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan mintaqaviy bog'liqlik tashabbusini qo'llab-kuvvatlaymiz. Oliy darajadagi ikki tomonlama kelishuvlar ijrosi doirasida kompaniyamiz mamlakatlarimiz o'rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar aloqalarini yana-da mustahkamlashga o'z hissasini qo'shib kelmoqda. O'zbekiston Pokiston uchun qulay logistik xab hisoblanadi. Strategik hamkorimizning transport-tranzit imkoniyatlaridan foydalangan holda MDH va Yevropa mamlakatlariga chiqish, yuk tashuvlari geografiyamizni kengaytirish bugungi kunda kompaniyamiz oldida turgan asosiy maqsad hisoblanadi", – deb ta'kidladi Farrux Shahzad Rao.
Uchrashuv yakunida kompaniyaning O'zbekistondagi hamkorlari orqali Markaziy Osiyo va qo'shni mintaqalarga transport-logistika operatsiyalarini kengaytirish hamda yangi bozorlarga chiqish bo'yicha kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi