Logo

Shri-Lankada O'zbekistonning investitsiyaviy va eksport salohiyati taqdimoti o'tkazildi

Iyul 26, 2025. 08:09 • 2 daq

61
Shri-Lankada O'zbekistonning investitsiyaviy va eksport salohiyati taqdimoti o'tkazildi

KOLOMBO, 26-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Shri-Lankadagi elchisi (qarorgohi Islomobod shahrida joylashgan) Alisher To'xtayev Kolombo shahriga tashrifi davomida "National Business Excellence Awards 2025" tadbirida ishtirok etdi va mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"National Business Excellence Awards 2025" tadbiri Shri-Lankaning yetakchi ishbilarmonlik platformalaridan biri – Milliy savdo-sanoat palatasi (MSPP) tomonidan har yili tashkil etiladigan va mamlakatning eng nufuzli anjumanlaridan biri hisoblanadi. Ushbu tadbir xususiy sektor yutuqlarini e'tirof etish, korporativ madaniyatni mustahkamlash va milliy iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini rag'batlantirish maqsadida o'tkaziladi.

Bu galgi marosimda 600 dan ortiq yirik va o'rta biznes vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, BRIKS, ASEAN va Fors ko'rfazi mamlakatlari elchilari ishtirok etdi.

Elchi Alisher To'xtayev O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiyaviy va eksport salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qulay va raqobatbardosh biznes muhitini shakllantirish, investitsiya muhitini yaxshilash, soliq va bojxona imtiyozlari, erkin iqtisodiy zonalar, logistika imkoniyatlari va mintaqaviy bozorlarga chiqish kabi masalalarga urg'u berdi.

Shuningdek, taqdimotda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, innovatsion tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari bo'yicha tadbir ishtirokchilariga batafsil ma'lumot berildi. O'zbekistonda xorijiy sheriklar uchun ochiq, uzoq muddatli hamkorlikka intiluvchi yangi ishbilarmonlik muhiti shakllangani alohida ta'kidlandi.

Tadbir davomida O'zbekiston elchisi Shri-Lanka MSPP prezidenti Anura Varnakulassuriya, seylon choyi va ziravorlar ishlab chiqarish, to'qimachilik, kauchukni qayta ishlash, mototsikl va butlovchi qismlar sanoati sohalarida faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar o'tkazdi.

Muzokaralar natijasida, yaqin kelajakda Shri-Lanka MSSP delegatsiyasining yurtimizga safarini tashkil etish, qo'shma biznes-forum o'tkazish, ularni Toshkent va mamlakatimiz hududlaridagi sanoat zonalaridagi imkoniyatlar bilan tanishtirish, xorijiy hamkorlar ishtirokida uchinchi davlatlarga yo'naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini yo'lga qo'yish kabi bir qator amaliy kelishuvlarga erishildi.

Shri-Lanka kompaniyalari vakillari o'zbekistonlik sheriklar bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqalar o'rnatish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda O'zbekiston orqali Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlarini o'rganish maqsadida Toshkent va viloyatlarga tajriba tariqasida o'z vakillarini yuborishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish