Pokistonning yetakchi to'qimachilik korxonasi O'zbekistonda qo'shma loyihani amalga oshiradi
Fevral 02, 2025. 00:55 • 2 daq
• 202
KARACHI, 2-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston delegatsiyasi Pokistonning Karachi shahriga tashrifi davomida "Union Fabrics" to'qimachilik kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Korxonaning mato ishlab chiqarish, unga bo'yoq berish, gul tushirish va savdoga yuborish bilan bog'liq ishlab chiqarish jarayonlari joyida o'rganildi.
Shundan so'ng, mamlakatimiz delegatsiya ishtirokida O'zbekistonda "Home Textile" (uy tekstili) va boshqa turdagi to'qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha hamkorlik o'rnatish, qo'shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari bo'yicha muzokaralar o'tkazildi.
O'zbekiston tomoni mazkur loyihani amalga oshirish uchun barcha sharoitlarni, jumladan, binolar bilan ta'minlash va soliq imtiyozlarini ajratishga tayyor ekanligini bildirdi. Kompaniya rahbari Shoayb Dalal, o'z navbatida, uy tekstili mahsulotlarini O'zbekistonda ishlab chiqarishga mo'ljallangan, 50 ta sanoat tikuv mashinalari o'rnatilgan korxona tashkil etish bo'yicha loyihani texnik jihatdan o'rganib, tez fursatlarda tegishli ma'lumotlarni taqdim qilishi aytdi.
Tomonlar 11-13-fevral kunlari Lahor shahrida o'tkaziladigan "Made in Uzbekistan" sanoat ko'rgazmasi hamda fevral oyida yurtimizda o'tkazilishi rejalashtirilgan biznes-forum doirasida muzokaralarni davom ettirishga va texnik jihatlarni ko'rib chiqib, yakuniy qaror qabul qilishga kelishib oldi.
Uchrashuv davomida tayyor mahsulotlarni yetkazib berish va transport-logistika sohalarida hamkorlik qilish, mavjud mahsulotlarni sotish, xom ashyo ta'minoti masalalari bo'yicha tomonlarning takliflari ko'rib chiqildi.
Tomonlar, shuningdek, to'qimachilik mahsulotlarining turlarini ko'paytirish orqali ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va yangi tovarlar hisobiga eksport-import munosabatlarini jadallashtirish borasida aniq kelishuvga erishdi.
Uchrashuvda to'qimachilik sohasida hamkorlik qilish mumkin bo'lgan turdosh sohalar, jumladan, malaka oshirish, mutaxassislar uchun almashuv dasturlarini tashkil etish, uchinchi davlatlar bozorlarini birgalikda o'zlashtirish sohalarida tomonlarni qiziqtirgan masalalar haqida ham fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida "Union Fabrics" ishtirokida O'zbekistonda uy tekstili yo'nalishida qo'shma loyihani amalga oshirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida hamkorlik kengaytiriladi