Edgars Rinkevichs: O‘zbekiston Latviyaning Markaziy Osiyodagi ishonchli hamkori
Sentabr 23, 2026. 08:10 • 8 daq
• 57
RIGA, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Latviya Prezidenti Edgars Rinkevichs mamlakatimiz mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan “Dunyo” AAga intervyu berib, O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga o‘zining samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Joriy yil O‘zbekiston o‘z mustaqilligining 35-yilligini nishonlamoqda. O‘tgan uch yarim dekada davomida mamlakat ulkan taraqqiyot va tub o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. Fikringizcha, mustaqil O‘zbekistonning eng muhim yutuqlari nimalardan iborat va mamlakat taraqqiyotining hozirgi bosqichida uning qaysi jihatlari alohida ajralib turadi?
– Avvalo, O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 35-yilligi bilan samimiy muborakbod etaman. Ushbu sana O‘zbekiston bosib o‘tgan e’tiborga molik yo‘l va erishgan yutuqlarni sarhisob qilish imkonini beruvchi muhim tarixiy bosqichdir.
Joriy yilda davlat mustaqilligi tiklanganining 35-yilligini nishonlayotgan Latviya ham suverenitet va o‘z kelajagini mustaqil, erkin belgilash qadrini juda yaxshi anglaydi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Latviya uchun ishonchli va istiqbolga yo‘naltirilgan hamkor sifatida o‘zini namoyon etdi. Latviya O‘zbekistonning iqtisodiyotni modernizatsiyalash, mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishlaydi. Biz ochiqlik, muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yuksak qadrlaymiz.
O‘zbekiston o‘zining boy tarixiy-madaniy merosini modernizatsiya qilishni iqtisodiy islohotlar va innovatsiyalarga bo‘lgan qat’iy intilish bilan uyg‘unlashtirib, Markaziy Osiyoning eng jadal rivojlanayotgan mamlakatlaridan biriga aylandi.
Latviya uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi ishonchli hamkor hisoblanadi. Uning strategik joylashuvi va yuksalib borayotgan iqtisodiy ta’siri ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Yevropa Ittifoqi (YI)ning yagona bozorida faoliyat yuritish va uning talablariga javob berishga intilayotgan o‘zbek kompaniyalari uchun Latviya muhim hamkor bo‘la oladi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi asosiy hamkor va butun mintaqa bo‘ylab biznes aloqalarini kengaytirish uchun muhim platforma hisoblanadi.
– O‘zbekiston va Latviya konstruktiv va izchil rivojlanayotgan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Qo‘shma loyihalar yoki hamkorlikning qaysi yo‘nalishlarini muvaffaqiyatli deb hisoblaysiz va o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish uchun yana qanday imkoniyatlar mavjud?
– O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida o‘zaro ishonch, pragmatik muloqot hamda savdo va investitsiyalarni kengaytirishga bo‘lgan umumiy manfaatlarga asoslangan konstruktiv hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, hali to‘liq ishga solinmagan salmoqli imkoniyatlar mavjud.
Biz uchun asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri O‘zbekistonda Latviya kompaniyalari uchun imkoniyatlarni kengaytirishdir. Ayniqsa, raqamli xizmatlar, moliyaviy texnologiyalar, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi texnologiyalari sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar bor.
Biz istiqbolli sheriklik har ikki mamlakatda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratib, malakali ish o‘rinlari va uzoq muddatli biznes imkoniyatlarini ta’minlaydi, deb hisoblaymiz.
O‘zbekiston Latviyaning Markaziy Osiyodagi yirik savdo hamkorlaridan biri sanaladi. Transport va logistika sheriklikning muhim yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekiston bilan xavfsiz va tijorat nuqtai nazaridan samarali transport aloqalarini, jumladan, havo orqali yuk tashish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega logistika xizmatlarini rivojlantirish juda muhim.
Bizning ustuvor vazifamiz ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish, har ikki mamlakat eksportchilariga ko‘maklashish hamda Yevropa Ittifoqi bojxona talablariga rioya etilishini ta’minlashdan iborat.
Latviya o‘zining logistika sohasidagi tajribasi va Yevropa bozori talablarini yaxshi bilishi orqali o‘zbek biznesi uchun YIning yagona bozoriga ishonchli va iqtisodiy jihatdan samarali kirish imkoniyatini taklif qilishi mumkin.
Toshkent va Riga o‘rtasidagi havo qatnovi hamkorligimizning tobora muhim qismiga aylanib bormoqda. U savdo va turizmni qo‘llab-quvvatlashdan tashqari yuk tashish, aviatsiya xizmatlari, havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish va mintaqaviy logistika sohalarida yangi imkoniyatlar yaratib, Latviya va O‘zbekiston biznesi uchun yangi hamkorlik istiqbollarini ochib bermoqda.
– O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish hisoblanadi. Sizningcha, ushbu yondashuv bugungi global muammolarga qay darajada javob beradi va davlatlar o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlashga qanday hissa qo‘shadi?
– Latviya O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi muloqot, o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlikning kengayishi barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda xalqaro sheriklik uchun yanada qulay muhit yaratishga xizmat qilayotganini ko‘rib turibmiz.
Latviya uchun barqaror xavfsizlik va hamkorlik BMT Ustavi, davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillariga asoslanishi lozim.
Barqaror va o‘zaro bog‘langan Markaziy Osiyo Latviya uchun nafaqat geosiyosiy nuqtai nazardan, balki savdo, transport va iqtisodiy hamkorlik jihatidan ham muhimdir. Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik qanchalik yaqin bo‘lsa, Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, savdoni yengillashtirish, ishbilarmonlik va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlari shunchalik kengayadi.
Biz O‘zbekistonni ushbu ijobiy mintaqaviy kun tartibining muhim va faol targ‘ibotchisi sifatida bilamiz. Yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va amaliy hamkorlikni rivojlantirish orqali O‘zbekiston mintaqaning to‘liq salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda uning Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi ko‘prik sifatidagi rolini mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda. Bu nafaqat Markaziy Osiyo, balki uning Latviya va YI singari hamkorlari uchun ham manfaatlidir.
– O‘zbekiston barqaror rivojlanish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, investitsiyalarni jalb etish, raqamli transformatsiya, innovatsiyalar, ta’lim, ilm-fan va inson kapitalini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Kelgusi yillarda ushbu sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun qanday imkoniyatlarni ko‘rmoqdasiz?
– Siz aytgan ustuvor yo‘nalishlar Latviyaning taraqqiyot kun tartibi bilan ham uzviy bog‘liq. Bu hamkorligimizni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Latviya raqamli davlat boshqaruvi, elektron xizmatlar, kiberxavfsizlik hamda innovasion va raqobatbardosh iqtisodiyotni rivojlantirish sohalarida katta tajriba to‘plagan. Biz ushbu tajriba va bilimimizni baham ko‘rishga tayyormiz.
Shu bilan birga, barqaror rivojlanish, “yashil” texnologiyalar, o‘rmon va qishloq xo‘jaligi, resurslarni samarali boshqarish sohalarida ham salmoqli imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz. Latviya ikki tomonlama ko‘mak dasturlari va YI tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekiston bilan taraqqiyot sohasidagi Yevropa hamkorligida faol ishtirok etmoqda. Bu Latviya institutlari va ekspertlar salohiyatiga bildirilayotgan ishonchdan dalolat beradi.
Biz bunday tajribalarni raqamlashtirish, samarali davlat boshqaruvi, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash hamda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish sohalaridagi amaliy hamkorlikka yo‘naltirmoqdamiz.
Fikrimcha, eng samarali yondashuv mavjud hamkorlikka tayanib, aniq maqsadlar, mas’ul hamkorlar va amaliy natijalarga ega bo‘lgan cheklangan sondagi qo‘shma ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olishdan iborat. Ushbu yo‘nalishlar ikki mamlakat muassasalari va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni qo‘llab-quvvatlashi lozim.
Latviya o‘zining Yevropa tajribasi, texnologik salohiyati va YI bozori talablarini chuqur bilishiga tayangan holda, O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy o‘sish, innovatsiyalar va uzoq muddatli farovonlikni ta’minlashga ko‘maklashish uchun zarur imkoniyatlarga ega.
– O‘zbekiston so‘nggi o‘n yillikda amalga oshirilgan islohotlar doirasida qator xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surdi. Sizningcha, ushbu tashabbuslarning qaysi biri Markaziy Osiyo va xalqaro hamjamiyat uchun muhim ahamiyatga ega?
– O‘zbekistonning mintaqaviy muloqot va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari umumiy muammolarga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘ylashimcha, o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, inson kapitaliga sarmoya kiritish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar uzoq muddatli ahamiyatga egadir. O‘zbekistonning transport aloqalarini yaxshilash, logistika yo‘laklarini modernizatsiya qilish va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari nafaqat Markaziy Osiyo, balki Yevropa va Osiyodagi hamkorlar uchun ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
O‘zbekistonning ekologik muammolarni hal etish va iqlim o‘zgarishining ta’siriga moslashish borasidagi qat’iy intilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatda o‘rmonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, jumladan, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar alohida e’tiborga loyiq.
Hududining yarmidan ko‘prog‘ini o‘rmonlar egallagan Latviya yashil hududlari barqaror boshqarish, o‘rmonzorlashtirish va biologik xilma-xillikni asrash sohalarida katta tajribaga ega. Biz O‘zbekiston bilan o‘z bilim va tajribamizni baham ko‘rish hamda amaliy yordam berishga tayyormiz.
– O‘zbekistonning keyingi 10–15-yildagi kelajagini qanday tasavvur qilasiz? Sizningcha, mamlakatning xalqaro nufuzini yanada oshirish, barqaror rivojlanishini ta’minlash va farovonligini izchil yuksaltirishda qaysi omillar muhim o‘rin tutadi?
– Menimcha, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi savdo va innovatsiyalarning tobora muhim markaziga aylanish uchun barcha imkoniyatlarga ega. Mamlakatning strategik joylashuvi, islohotlar kun tartibi hamda mintaqaviy hamkorlik va integratsiyadagi ortib borayotgan roli kelgusi muvaffaqiyatlar uchun mustahkam asos yaratadi.
O‘z tajribamizdan kelib chiqib aytishim mumkinki, eng muhimi – o‘zaro bog‘liqlik, inson kapitali, innovatsiyalar va barqaror rivojlanishga sarmoya kiritishni davom ettirishdir. Huquq ustuvorligi, shaffof davlat boshqaruvi hamda biznes uchun barqaror va oldindan prognoz qilish mumkin bo‘lgan muhitni mustahkamlaydigan islohotlarni izchil davom ettirish O‘zbekistonning ulkan salohiyatini uzoq muddatli farovonlikka aylantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
– O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga tilaklaringiz. Kelgusida mamlakatning yanada rivojlanishida nimalarni kutayapsiz?
– Latviya xalqi va shaxsan o‘z nomimdan Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari hamda butun O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 35-yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
O‘zbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Latviya mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sheriklikni yana-da kengaytirish hamda ishbilarmon doiralar, fuqarolar va kelajak avlodlarimiz uchun yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida birgalikda ishlashni intiqlik bilan kutmoqda.
Do‘stligimiz yanada mustahkam bo‘lsin. O‘zbekiston xalqi uzoq yillar davomida farovonlik, tinchlik va izchil taraqqiyotdan bahramand bo‘lsin.
Ushbu qutlug‘ shodiyona bilan yana bir bor O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarimni yo‘llayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi