Logo

Leya Gutierres: O‘zbekiston investorlar uchun tobora jozibador bo‘lib bormoqda

May 02, 2026. 10:00 • 6 daq

471
Leya Gutierres: O‘zbekiston investorlar uchun tobora jozibador bo‘lib bormoqda

TOSHKENT, 2-may. /“Dunyo” AA/. Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo taraqqiyot bankining 59 yillik yig‘ilishi arafasida bankning Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamenti bosh direktori Leya Gutierres “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.

– Samarqand OTB Boshqaruvchilar kengashining 59 yillik yig‘ilishiga mezbonlik qilmoqda. Nima uchun O‘zbekiston bankning bunday muhim tadbiriga mezbon mamlakat sifatida tanlanganini tushuntirib bera olasizmi?

– O‘zbekistonni tanlash Boshqaruvchilar kengashining qarori bilan bog‘liq edi. Bu, O‘zbekiston hukumatining ushbu tadbirni Samarqandda o‘tkazish taklifiga javob bo‘ldi va bank bilan mustahkam hamkorlikni aks ettiradi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston OTBning mintaqadagi eng faol va strategik muhim hamkorlaridan biriga aylandi. Maʼlumki, mamlakatda barqaror o‘sish, mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirish, inson kapitali va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirishga alohida eʼtibor qaratgan holda keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, institutsional o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu yo‘nalishlarning barchasi OTBning ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq mos keladi. Bundan tashqari, operatsion nuqtai nazardan O‘zbekiston bunday miqyosdagi tadbirni o‘tkazishga, infratuzilmani rivojlantirish, logistikani tashkil etish, xavfsizlikni taʼminlash va samarali idoralararo muvofiqlashtirishga yuqori tayyorligini namoyish etdi.

Eng muhimi, mamlakat hukumati har yilgi yig‘ilishni O‘zbekistonda o‘tkazishga yuqori darajadagi siyosiy sodiqlikni namoyish etdi.

­– O‘zbekiston OTBning Markaziy Osiyodagi eng yirik hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ikki tomonlama hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlari nimalardan iborat? Shuningdek, iloji bo‘lsa, O‘zbekistonni investitsiyalar uchun nimalar jozibador qilishi haqida gapirib bersangiz.

– O‘zbekiston OTBning Markaziy Osiyodagi eng yirik va strategik ahamiyatga ega hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda va bu hamkorlik barqaror hamda inklyuziv rivojlanishga bo‘lgan umumiy sodiqlikka asoslanadi. OTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan mamlakat bilan hamkorlik strategiyasida mustahkamlangan.

Asosiy ustuvor yo‘nalishlarga inson kapitalini jalb etish, iqlim o‘zgarishlariga chidamlilikni oshirish, davlat xizmatlari sifati va samaradorligini oshirish kiradi. O‘zbekistonning investitsion jozibadorligiga kelsak, u qator kuchli fundamental omillarga tayanadi.

Mamlakatning katta qismi yoshlardan iborat, ularning ko‘pchiligi 30 yoshdan kichik. Bundan tashqari, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan bo‘lib, energetika, transport va sanoat kabi turli sohalarda salmoqli salohiyatga ega.

So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar tartibga solish muhitini yaxshilash, iqtisodiyotning ochiqligini oshirish va investorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qildi. Aynan shu jihat O‘zbekistonni investitsiyalar uchun alohida jozibador qiladi.

– O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi muhim transport-logistika tuguni hisoblanadi. OTB yaqin yillarda qaysi mintaqaviy infratuzilma loyihalarini eng istiqbolli deb hisoblaydi?

– Biz uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo, shuningdek, Kavkaz va g‘arbiy yo‘nalishlar bilan bog‘laydigan transport-logistika markazi sifatida muhim rol o‘ynaydi. Mintaqaviy bog‘liqlik OTBning mamlakatdagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Agar eng istiqbolli mintaqaviy infratuzilma tashabbuslari haqida gapiradigan bo‘lsak, bular, avvalo, Markaziy Osiyoda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi – CAREC doirasidagi loyihalardir. CAREC doirasida savdoni kengaytirish, sayohat vaqtini qisqartirish va transchegaraviy aloqalarning barqarorligini oshirishga yordam beradigan transport yo‘laklarini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bunday loyihalardan biri CAREC 2 avtomobil yo‘lagini rivojlantirishdir. Xususan, O‘zbekiston G‘arbidagi Buxoro va Nukus o‘rtasidagi A380 avtomobil yo‘lining muhim qismini rekonstruksiya qilishni nazarda tutuvchi barqarorlikni oshirish va modernizatsiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Ushbu hudud strategik ahamiyatga ega, chunki CAREC-2 yo‘lagi O‘zbekistonni Qozog‘iston, Turkmaniston, Afg‘oniston va undan keyin Janubiy Osiyo, Kaspiy mintaqasi, jumladan, O‘rta yo‘lak deb nomlanuvchi Transkaspiy yo‘nalishi bilan bog‘laydi.

Shuni taʼkidlash kerakki, ushbu loyiha yo‘lni oddiy rekonstruksiya qilish doirasidan tashqarida. U iqlimga chidamli muhandislik yechimlari, aqlli transport tizimlari, harakat va o‘q yuklamasini boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishni o‘z ichiga oladi. Bularning barchasi o‘sib borayotgan savdo oqimlari va iqlim muammolari sharoitida yo‘lakning ishonchliligi va samaradorligini taʼminlaydi.

– Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi oqibatlariga eng ko‘p taʼsir ko‘rsatadigan mintaqalar qatoriga kiradi. OTB O‘zbekistonda qanday iqlim loyihalarini amalga oshirishni yoki kengaytirishni rejalashtirmoqda?

– Darhaqiqat, Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi oqibatlariga eng ko‘p taʼsir ko‘rsatuvchi mintaqalardan biridir. Gap haroratning ko‘tarilishi, suv resurslari taqchilligining kuchayishi va ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payishi haqida bormoqda. Shu munosabat bilan iqlim muammolarini hal qilish OTBning O‘zbekistondagi faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Iqlim o‘zgarishini qo‘llab-quvvatlashda taʼsirlarni yumshatish va moslashishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yumshatish choralari doirasida OTB qayta tiklanadigan energiya, jumladan, quyosh va shamol energiyasi loyihalariga sarmoya kiritishni kengaytirmoqda. Shuningdek, energiya samaradorligini oshirishga ko‘maklashilmoqda. Bu chora-tadbirlar bir vaqtning o‘zida mamlakatning energetika xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Quyosh va shamol energetikasi bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish bilan birga, elektr tarmoqlari samaradorligini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan to‘liq foydalanish uchun ishonchli va barqaror energiya tizimi zarur bo‘lib, bu borada ham faol ishlar olib borilmoqda.

Iqlim o‘zgarishlariga moslashish ham muhim ahamiyatga ega. Suv resurslarini boshqarish, qishloq xo‘jaligi va shaharlarni rivojlantirish sohalarida barqarorlikni oshirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, suv toshqinlaridan himoyani kuchaytirish, transport va kommunal infratuzilmaga iqlimga chidamli yechimlarni joriy etish shular jumlasidan.

Bundan tashqari, OTB O‘zbekiston hukumati bilan iqlimga yo‘naltirilgan rejalashtirish va institussional rivojlanishni takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.

– OTB anʼanaviy ravishda inson kapitalini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlab keladi. O‘zbekistonda yaqin yillarda taʼlim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida qanday loyihalarni amalga oshirish mumkin?

– O‘zbekistonda aholining yarmidan ko‘pi 30 yoshgacha. Bu inklyuziv va uzoq muddatli o‘sishni taʼminlash uchun taʼlim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarga sarmoya kiritishni talab qiladi. Bunday demografik tuzilma “demografik dividend” deb ataladi va mamlakat kelajagi uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Taʼlim sohasida OTB taʼlim sifatini yaxshilash, kadrlar tayyorlash tizimini bozor va zamonaviy iqtisodiyot talablariga moslashtirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Bu texnik va kasb-hunar taʼlimini qo‘llab-quvvatlash, raqamli taʼlimni rivojlantirish, taʼlim tizimi va mehnat bozori o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashni o‘z ichiga oladi.

STEM taʼlimi – fan, texnologiya, muhandislik va matematikani rivojlantirish alohida yo‘nalishga aylanmoqda. Taʼlim muhitini yaxshilash, o‘qituvchilarning malakasini oshirish va STEM yo‘nalishlaridan foydalanish imkonini kengaytirish, ayniqsa yoshlar, shu jumladan, xotin-qizlar uchun tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu kelajak chaqiriqlariga tayyor kadrlarni shakllantirishga zamin yaratadi hamda innovatsiyalar, unumdorlik va raqobatbardoshlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Sog‘liqni saqlash inson kapitalini rivojlantirishning muhim tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda. Hozirgi vaqtda OTB birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimini mustahkamlash va sifatli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ustuvor yo‘nalishlar orasida sog‘liqni saqlash infratuzilmasini modernizatsiya qilish, raqamli yechimlarni joriy etish hamda tizimning jamoat salomatligi va iqlim o‘zgarishi xavflariga chidamliligini oshirish bor.

– Bergan maʼlumotlaringiz uchun katta rahmat.

– Sizga ham tashakkur. Mazmunli suhbat bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish