Logo

O'zbekiston Milliy simfonik orkestri jamoasi Yaponiyada konsert berdi

May 20, 2025. 16:41 • 57 soniya

647
O'zbekiston Milliy simfonik orkestri jamoasi Yaponiyada konsert berdi

OSAKA, 20-may. /"Dunyo" AA/. 18-may kuni Yaponiyaning Osaka shahrida "EKSPO-2025" butunjahon ko'rgazmasi doirasida "EXPO Shinehut" tadbirlar zalida O'zbekiston Milliy simfonik orkestri va xalqaro miqyosda tan olingan Rixter triosi ishtirokida gala konsert bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda O'zbekiston Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva, Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi raisi Gayane Umerova, Yaponiya hududlarni qayta tiklash vaziri Tadaxiko Ito va "EKSPO-2025" uyushmasi bosh kotibi Xiroyuki Ishige, Nara va Mayzuru shaharlari merlari hamda bir qator yirik tashkilot va kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Konsertda an'anaviy o'zbek va zamonaviy simfonik asarlar ijro etildi. Tadbirning asosiy voqealaridan biri — kompozitor Kirill Rixter tomonidan ushbu anjuman uchun maxsus yaratilgan va birinchi bor ijro etilgan "Samoviy raqs" asarining jahon premyerasi bo'ldi. Ushbu kompozitsiya ikki xalqning musiqiy an'analari uyg'unligi ifodasi bo'ldi.

Alibek Qabdurahmonov rahbarligidagi Milliy simfonik orkestr o'zining yuksak ijrochilik mahorati bilan tomoshabinlar qalbini zabt etdi.

Ko'plab tashrif buyuruvchilar tomonidan mazkur konsert dasturi chinakam bayram kayfiyatini ulashganini hamda ushbu tadbir nafaqat o'zbek-yapon madaniy aloqalari tarixida, balki EKSPO doirasida ham eng yirik madaniy dastur bo'lganligi ta'kidladilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish