"Lazgi" festivali O'zbekiston raqs san'atini targ'ib qilish bilan birga, xalqaro aloqalarni mustahkamlaydi

May 22, 2024. 12:00 • 2 daq

127
"Lazgi" festivali O'zbekiston raqs san'atini targ'ib qilish bilan birga, xalqaro aloqalarni mustahkamlaydi

SEUL, 22-may. /"Dunyo" AA/. Avval ma'lum qilganimizdek, joriy yilning 25-30-aprel kunlari Xiva shahrida "Lazgi" II xalqaro raqs festivali bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu festivalda Janubiy Koreyaning "Oh Min Gyeong" raqs akademiyasi vakillari ham ishtirok etdi va ular "Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrochisi" nominatsiyasida 2-o'rinni egalladi.

Ishtirokchilar Janubiy Koreyaga qaytgach, "Dunyo" AA muxbiri bilan suhbatda festival taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

– YUNESKO shafeligida ilk bor 2022-yilda tashkil etilgan "Lazgi" festivali o'ziga xos raqs san'atini asrab-avaylash va ommalashtirish, xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirishga hissa qo'shmoqda.

Shuningdek, festival ishtirokchilari soni ham ortmoqda, – dedi "Boxun" raqs jamg'armasining Suvon filiali raisi, Janubiy Koreya Raqs assotsiatsiyasi raisi o'rinbosari va Raqs akademiyasi direktori O Min Gyon. – Festival madaniy tajriba almashish, o'z milliy san'atimizni namoyish etish uchun o'ziga xos maydonga aylandi. Ushbu muhim voqeaga o'z hissamizni qo'shganimizdan, boshqa mamlakatlarning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishganimizdan xursandmiz.

– "Lazgi" festivali O'zbekiston raqs san'atini targ'ib qilish bilan birga, xalqaro aloqalarni ham mustahkamlaydi, – deydi raqs guruhi a'zosi Alam Xan. – Biz ushbu tadbirning bir qismi bo'lganimizdan va madaniyatimizni xalqaro maydonda namoyish etganimizdan faxrlanamiz.

"Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrochisi" nominatsiyasida ikkinchi o'rin sohibi Pak Xe-im shunday dedi: «Ushbu festivalda ishtirok etish men uchun ajoyib tajriba bo'ldi. Men dunyoning turli burchaklaridan kelgan ko'plab iqtidorli raqqosalar bilan uchrashdim va ko'plab yangi g'oyalar hamda ijodim uchun ilhom oldim».

Bundan tashqari, Xalqaro xalq ijodiyoti tashkilotining Osiyo mintaqasi bosh kotibi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY)ning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo'yicha maslahatchisi Mun Xyon Sok, shuningdek, "Lazgi" festivalida hakamlar hay'ati a'zosi sifatida ishtirok etgan Kan Sunok mazkur tadbir madaniy almashinuvni mustahkamlash va raqs san'atini xalqaro miqyosda rivojlantirishdagi ahamiyatini ta'kidladilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish