Logo

Laurel Grey: AQShning turli shtatlarida yashovchi insonlarning O'zbekistonda avloddan-avlodga o'tib kelayotgan ayollar raqs san'atini o'rganishga bo'lgan ishtiyoqi oshib bormoqda

May 31, 2024. 17:03 • 3 daq

181
Laurel Grey: AQShning turli shtatlarida yashovchi insonlarning O'zbekistonda avloddan-avlodga o'tib kelayotgan ayollar raqs san'atini o'rganishga bo'lgan ishtiyoqi oshib bormoqda

VASHINGTON, 31-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning AQShdagi elchixonasida "Silk Road Dance" raqs markazi direktori, taniqli xoreograf Laurel Greyning "O'zbekiston ayollar raqs an'analari" kitobining taqdimoti o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir O'zbekiston milliy raqs san'atini AQSh rasmiy, ishbilarmon va akademik doiralari o'rtasida keng targ'ib qilish maqsadida tashkil etildi.

Unda AQSh Prezidentining imkoniyatlari cheklangan shaxslar bo'yicha maslahatchisi Sara Minkara, Milliy xavfsizlik kengashining Markaziy Osiyo bo'yicha katta direktori Brianna Todd, Kongress, Davlat departamenti, Savdo vazirligi, YUSAID va Jahon banki vakillari, shuningdek, Kongress kutubxonasi, Smitson va Jorj Vashington universiteti To'qimachilik muzeyi ekspertlari hamda taniqli amerikalik madaniyat va san'at namoyondalar, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

Kitob muallifi Laurel Grey o'z nutqida, jahon hamjamiyati, ayniqsa, G'arb dunyosi o'zbek ayol raqslarini yangitdan kashf etayotgani, xorijlik o'zbek raqsi shinavandalari uchun ushbu san'at turi juda qiziqarli va jozibador bo'layotganini alohida qayd etdi. "AQShning turli shtatlarida yashovchi insonlarning O'zbekistonda avloddan-avlodga o'tib kelayotgan ayollar raqs san'atini o'rganishga bo'lgan ishtiyoqi oshib bormoqda", - dedi Laurel Grey.

Xoreografning aytishicha, uning kitobi o'zbek ayol raqslarining tiklanishiga xronologik sharh bo'lib, unda o'zbek raqs san'atining barcha yo'nalishlari bo'yicha ma'lumot va tavsiflar keltirilgan. "Raqsga tushishni o'rganayotgan paytda siz nafaqat ba'zi harakat yoki elementlarni o'zlashtirasiz, balki o'zingiz uchun yangi madaniyatni, hayot tarzi va mamlakat an'analarini kashf etasiz", deya qayd etdi muallif.

Tadbir davomida mehmonlarga "Silk Road Dance" raqs guruhi a'zolari ijrosidagi "Doirangi chal", "Lazgi", "Janon bo'laman deb" kabi o'zbek milliy kuy va qo'shiqlariga sahnalashtirilgan raqslar ijro etildi. Ishtirokchilar o'zbek milliy raqslarining nafisligi va go'zalligidan chinakam zavq olishdi.

AQSh Prezidentining imkoniyatlari cheklangan shaxslar bo'yicha maslahatchisi Sara Minkara ushbu tadbirda ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildirib, milliy o'zbek raqslari va musiqasining go'zalligi haqida ko'p marta eshitganini ta'kidladi. Uning aytishicha, taqdimot davomida ijro etilgan raqs va musiqa ishtirokchilarga o'zbek xalqining madaniyati va tarixini yaqqol namoyon etdi.

AQSh Kongressi kutubxonasining Yaqin Sharq va Afrika adabiyoti bo'limi direktori Jon Viks ushbu tadbirda ishtirok etganidan mamnun ekanligini ta'kidladi. U Kongress kutubxonasida O'zbekiston tarixi va madaniyatiga oid ko'plab kitoblar saqlanishini ham ma'lum qildi. "Kongress kutubxonasiga tashrif buyuruvchilarning ko'pchiligi O'zbekiston tarixini diqqat bilan o'rganadi. "O'zbekiston ayollar raqs an'analari" kitobi ham endilikda Kongress kutubxonasida bo'ladi. O'zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda ushbu kitobning taqdimot marosimini Kongress binosida tashkil etmoqchimiz", dedi u.

"Washington Life" jurnali vakilli Marina Poutiatine mamlakatimiz haqida ko'p eshitganini va ushbu tadbirda namoyish etilgan o'zbek san'ati va madaniyati namunalaridan katta taassurot olganini ma'lum qildi. "O'zbek ayollar raqsi va milliy taomlarining ta'mi, ayniqsa, o'zbek palovi bugungi tadbirning eng jozibali qismlaridan biri bo'ldi", dedi Marina Poutiatine.

Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, taqdimotda ishtirok etgan mehmonlar mamlakatimizning boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish maqsadida O'zbekistonga tashrif buyurish istagini ham bildirdilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish