Omskda O‘zbekiston madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan multimedia ko‘rgazmasi ochildi
Fevral 23, 2026. 14:38 • 53 soniya
• 137OMSK, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning Omsk shahridagi “Yevraziya segodnya” xalqaro multimedia markazida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” festivali doirasida anjuman bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya rejimida tashkil etilgan anjumanda Omsk viloyati O‘zbekiston xalqlari jamoatchilik-madaniyat markazi raisi Feruza Adasheva, “Rossiya – Mening tarixim” tarixiy parki direktori Aleksandr Tixonov hamda “Vatandoshlar” jamoat fondi vakili Hojiakbar Isaqov ishtirok etdi.
Tadbirda Omsk aholisi va mehmonlarining o‘zbek madaniyatiga bo‘lgan yuksak qiziqishi alohida eʼtirof etildi. Festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad — xalqimizning boy va rang-barang madaniy merosini targ‘ib qilish orqali millatlararo muloqotni mustahkamlash, o‘zaro anglashuv va hamjihatlik muhitini yanada kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Ko‘rgazmaning multimedia formatida tashkil etilgani tashrif buyuruvchilarga O‘zbekistonning tarixiy salohiyatini yangicha nigoh bilan kashf etish imkonini berdi. Ekspozitsiyada o‘zbek xalqining urf-odatlari, jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar siymosi, Yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi va mamlakatimizning jozibador turistik yo‘nalishlari namoyish etildi.
Festival doirasida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kechalar ham o‘tkazildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



