Avstriyada “Lazgi – muhabbat va qalb raqsi” spektakli muvaffaqiyatli namoyish etildi
Fevral 19, 2026. 15:58 • 2 daq
• 192ZALSBURG, 19-fevral. /“Dunyo” AA/. Avstriyaning qadimiy Zalsburg shahridagi Katta festivallar zali sahnasida “Lazgi – muhabbat va qalb raqsi” nomli O‘zbekiston milliy baleti spektakli namoyishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilgan ushbu tadbir Avstriya, Germaniya, Shveysariya va Yevropaning boshqa mamlakatlaridan ikki mingga yaqin siyosiy, iqtisodiy va madaniy doira vakillarini, Vena va Zalsburgdagi diplomatik korpus hamda vatandoshlarimizni bir davraga jamladi.
2021-yilda Toshkentda premyerasi o‘tkazilgan mazkur spektakl qisqa vaqt ichida Dubay, Istanbul, Parij, London, Pekin kabi jahonning yirik sanʼat markazlarini zabt etgani tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Yevropalik sanʼat ixlosmandlari Yangi O‘zbekistonning tashrif qog‘oziga aylangan ushbu loyihaning kuchli xoreografiyasi, o‘ziga xos yorug‘lik effekti va milliy anʼanalar talqinini alohida eʼtirof etdi.
Avstriyaning “Global Neighbours” tashkiloti rahbari Jovanka Porshe spektakl haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, “Bu emotsiya va energiyaga to‘la ajoyib namoyish bo‘ldi. Ushbu balet men sevib tomosha qilgan konsertlar qatoridan joy oldi”, deya taʼkidladi.
YI delegatsiyasining YXHTdagi doimiy vakili Rasa Ostrauskayte esa musiqa va raqslarning uyg‘unligini yuqori baholab, ijodiy jamoani ulkan muvaffaqiyat bilan qutladi.
Mahalliy aholi va sanʼatshunoslar tomonidan “Haqiqiy madaniy xordiq” deya baholangan spektakl yakunida tomoshabinlar o‘zbek baleti ijodkorlarini ancha vaqt tik holda olqishladi. Bu kabi tadbirlar o‘zbek milliy raqs sanʼatining jahon madaniy maydonidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




