Logo

O'zbekiston va Hindiston madaniy-akademik hamkorlikning yangi bosqichi bo'yicha kelishib oldi

Noyabr 14, 2025. 17:58 • 2 daq

150
O'zbekiston va Hindiston madaniy-akademik hamkorlikning yangi bosqichi bo'yicha kelishib oldi

DEHLI, 15-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindiston madaniy aloqalar kengashi (Indian Council for Cultural Relations - ICCR) bosh direktori K. Nandini Singla bilan muzokaralar o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuv davomida tomonlar ko'p qirrali madaniy-gumanitar sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha amaliy qadamlarni belgilab oldi.

O'tgan yillardagi muvaffaqiyatli loyihalar, xususan, O'zbekistonning "Sabo" raqs ansambli va "So'g'diyona" milliy cholg'u asboblari orkestrining yorqin gastrollari hind tomoshabinlari uchun katta va unutilmas madaniy voqeaga aylangani mamnuniyat bilan ta'kidlandi. Shu bilan birga, kelgusida o'zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi e'tirof etildi.

"Biz oddiy hamkorlar emasmiz, balki umumiy ma'naviy ildizlar bilan bog'langan xalqlarmiz. Madaniyat har doim o'zaro munosabatlarimizga chuqur oziqlantiruvchi muhit bag'ishlab kelgan", deya qayd etdi O'zbekiston elchisi.

Shu munosabat bilan, O'zbekiston tomoni qator amaliy takliflarni ilgari surdi. Taniqli raqs jamoalari va an'anaviy o'zbek qo'shiqlari ijrochilarining gastrollarini tashkil etish, Hindiston shaharlaridagi galereya va ko'rgazma maydonchalarida o'zbek rassomlari va hunarmandlarining ko'rgazmalarini o'tkazish, yangi qo'shma loyihalar orqali o'zbek va hind tillarini o'zaro o'rganish yo'nalishidagi hamkorlikni faollashtirish va boshqalar shular jumlasidandir.

Shuningdek, o'zbek talabalari uchun Hindiston oliy ta'lim muassasalarida ajratilayotgan kvotalar sonining oshirilishi va mutaxassisliklar ro'yxatining kengaytirilishi xalqlarimiz o'rtasidagi an'anaviy do'stlikni mustahkamlashga xizmat qilishi urg'ulandi.

ICCR bosh direktori K. Nandini Singla ikki tomonlama madaniy hamda ilmiy-akademik aloqalarning jadal rivojlanayotganini yuqori baholadi. Ushbu mazmundagi sheriklikni yana-da chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirib, yangi loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini izhor etdi.

O'zbekiston va Hindiston madaniy va akademik almashinuv bo'yicha sa'y-harakatlarning yangi bosqichi bo'yicha kelishib oldi. Uzoq muddatli va samarali hamkorlikni ta'minlash maqsadida qo'shma madaniy-gumanitar tadbirlar rejasini ishlab chiqish imkoniyati ko'rib chiqildi.

Uchrashuv ikki mamlakatning ko'p asrlik do'stlik rishtalarini yangi mazmun bilan boyitishga bo'lgan o'zaro intilishini namoyon etdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish