Logo

O'zbekiston sozandalari III Fujayra xalqaro ud forumida faol ishtirok etishdi

May 11, 2025. 12:28 • 54 soniya

124
O'zbekiston sozandalari III Fujayra xalqaro ud forumida faol ishtirok etishdi

ABU-DABI, 12-may. /"Dunyo" AA/.  O'zbekiston musiqa san'ati vakillari III Fujayra xalqaro ud forumida ishtirok etishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Fujayra Badiiy san'at akademiyasi tomonidan "Bir ud – turli madaniyatlar" shiori ostida tashkil etilgan forumning ochilish marosimida ellikdan ortiq turli millat vakillaridan iborat badiiy jamoalar o'z dasturlarini taqdim etdi.

Tadbirning eng hayajonli onlaridan biri ispan flamenkosi, rok va sharq musiqasi, shuningdek, hind, o'zbek, ozarbayjon va turk uslublari mujassamlashgan yaxlit musiqiy kompozitsiya ijrosi bo'ldi. Mazkur kompozitsiyasi turli madaniyatlar ruhini va musiqaning xalqlar o'rtasida muloqotni mustahkamlashdagi ahamiyatini aks ettirdi.

E'tiborlisi, O'zbekiston vakili Asadbek Xolmatov tomonidan doirada ijro etilgan ispan flamenkosi tomoshabinlar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.

Forum davomida ishtirokchilar yakkaxon va jamoaviy chiqishlarini taqdim taqdim etishdi. Shuningdek, ud cholg'u asbobi tarixi va uslublariga bag'ishlangan seminar hamda mahorat darslari o'tkazildi.

Tashkilotchilarga ko'ra, forum yildan yilga musiqashunoslar va ijodkorlar uchun muhim maydonga aylanib bormoqda.

Fujayra Badiiy san'at akademiyasi bosh direktori Ali Ubayd Al Hafitiy O'zbekiston tomoniga forumdagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi va kelgusida o'zaro madaniy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini ta'kidladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish