Logo

Xivada boshlangan xalqaro lazgi festivalida 30 dan ortiq davlat vakillari qatnashmoqda

Aprel 28, 2026. 10:59 • 2 daq

240
Xivada boshlangan xalqaro lazgi festivalida 30 dan ortiq davlat vakillari qatnashmoqda
Xivada boshlangan xalqaro lazgi festivalida 30 dan ortiq davlat vakillari qatnashmoqda

TOSHKENT, 28-aprel. /“Dunyo” AA/. Xivada boshlangan 3-xalqaro lazgi raqsi festivalida Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Turkiya, Qirg‘iziston, Braziliya, Yaponiya kabi 30 dan ortiq davlatdan 300 nafardan ortiq raqqosa, professional raqs jamoalari, xoreografiya sanʼati ustalari, musiqashunoslar, sanʼatshunoslar, madaniyat arboblari va ekspertlar ishtirok etmoqda.

Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi xabariga ko‘ra, tadbir doirasida xalqaro raqs tanlovi ham o‘tkaziladi.

“Ushbu festivalda ishtirok etish ­biz uchun katta sharaf. Bu yerga o‘z sanʼatimiz va raqsga bo‘lgan muhabbatimizni namoyish etish uchun keldik. Bu go‘zal shaharda yangi do‘stlik orttirib, ular bilan yaqindan munosabat o‘rnatganimizdan juda mamnunmiz”, deydi raqs tanlovida ishtirok etgan Xitoyning “Beijing Dance Academy” ansambli murabbiyi U Shuay.

Nashrda yozilishicha, ushbu xalqaro tadbirga davlat rahbari ham befarq emas. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida o‘tkazilayotgan “Lazgi” III xalqaro raqs festivali ishtirokchilarini musiqa va sanʼat bayramining ochilishi bilan tabriklagan.

Taʼkidlash kerakki, Xorazm lazgi raqsi YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida eʼtirof etilgan.

3-xalqaro lazgi raqsi festivali 30 aprelga qadar davom etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish