Tokioda O'zbekistonning inklyuziv fotosan'ati namoyish etildi
Noyabr 23, 2025. 15:02 • 2 daq
• 124
TOKIO, 24-noyabr. /"Dunyo" AA/. Tokio shahrining "Takanawa Community Plaza" galereyasida "Ko'rish orqali eshitish: O'zbekiston hikoyalari" nomli maxsus fotoko'rgazma bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur fotoko'rgazma "Tokyo Deaflympics 2025" xalqaro sport musobaqasi munosabati bilan o'tkazildi. Unda O'zbekistonning eshitish va nutqida cheklovi bo'lgan iqtidorli fotograflarning asarlari namoyish etildi.
Tadbirda O'zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxo'ja Abduraxmonov, taniqli fotograf Husniddin Ato va uning shogirdlari, Minato meriyasi va Yaponiya fotograflar jamiyati vakillari, O'zbekiston madaniyati va turizmi jamiyati a'zolari hamda boshqa mehmonlar qatnashdi.
Elchi tomonidan mazkur fotoko'rgazma san'at va sport orqali O'zbekiston hamda Yaponiya o'rtasidagi do'stlik rishtalarini mustahkamlash, inklyuziv jamiyat g'oyalarini keng yoyish, yosh fotograflarning ijodiy salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi. Shuningdek, fotoko'rgazma ikki davlat o'rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da kengaytirishga xizmat qilishi aytildi.
Ko'rgazmada Husniddin Ato va uning shogirdlariga mansub sport, tabiat, madaniyat, hujjatli va portret fotosurati yo'nalishlaridagi 100 ga yaqin ijod namunalari taqdim etildi. Asarlarda mualliflarning dunyoqarashi, badiiy sezgirligi va inklyuziv jamiyatga oid bo'lgan his-tuyg'ulari o'ziga xos uslubda aks etgan.
Tadbir davomida ko'plab tashrif buyuruvchilar tomonidan fotosuratlardagi beqiyos samimiylik, mualliflarning dunyoga xos qarashi, yuksak badiiy idroki va ijodiy tabiati alohida e'tirof etildi. Ayniqsa, eshitish va nutqida cheklovi bo'lgan yoshlar tomonidan olingan asarlarda insoniy ruhiyatning noyob ranglari va hayotga bo'lgan yangicha qarashlar o'ziga xos tarzda namoyon bo'lganligi ta'kidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi