Logo

Shanxayda O‘zbekiston miniatyura sanʼati ko‘rgazmasi ochildi

Mart 28, 2026. 14:00 • 2 daq

160
Shanxayda O‘zbekiston miniatyura sanʼati ko‘rgazmasi ochildi

SHANXAY, 28-mart. /“Dunyo” AA/. Xitoyning Shanxay shahrida miniatyura va rangtasvir sanʼatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu ko‘rgazma O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy va gumanitar hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda Shanxay Xalq hukumati madaniyat va turizm boshqarmasi, xorijiy davlatlar bilan do‘stlik assotsiatsiyasi, Shanxay tashqi ishlar kanselyariyasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi vakillari qatnashdi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga Badiiy akademiya raisi Akmal Nur rahbarlik qildi. Delegatsiyada muzey direktori Gulabza Karshiyeva, mashhur miniatyura rassomlari Davron Toshev, Xayriddin Muhitdinov, Behzod Hojimetov hamda sanʼatshunoslar Asalxon Raxmatullayeva va Zilola Asqarova ham ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston miniatyura sanʼatiga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiya taqdim etildi. Unda mamlakatning yetakchi rassomlari tomonidan yaratilgan 50 dan ortiq noyob asar ilk bor xorijda namoyish etildi. Asarlar milliy anʼanalar va o‘ziga xos estetikani ko‘rsatib, tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Muzey direktori Xu Muchin O‘zbekiston miniatyura maktabi ming yillik tarix, boy meʼmoriy va kulolchilik anʼanalari hamda chuqur falsafiy dunyoqarash taʼsirida shakllanganini taʼkidladi.

Ko‘rgazma ishtirokchilari tadbirni O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida madaniy-gumanitar muloqotni rivojlantirishda muhim qadam sifatida baholashdi va uning yangi imkoniyatlar ochishini qayd etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish