Logo

Berlinda o‘zbek va ozarbayjon xalq ertaklari sahnalashtirildi

Mart 29, 2026. 12:00 • 2 daq

120
Berlinda o‘zbek va ozarbayjon xalq ertaklari sahnalashtirildi

BERLIN, 29-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi Berlindagi “Q Galerie” ko‘rgazmalar uyi bilan hamkorlikda bolalar uchun o‘zbek va ozarbayjon xalq ertaklari hamda milliy o‘yinlari taqdimotini tashkil qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda nemis bolalar va ularning ota-onalari, vatandoshlarimiz va farzandlari ishtirok etdi.

Navro‘z ayyomi arafasida o‘tkazilgan tadbirda o‘zbek va ozarbayjon xalq ertaklari sahna ko‘rinishida, ertakchi Kristina Foygt tomonidan qiziqarli tarzda namoyish etildi.

Nemis tilida o‘qib berilgan “Ziyod botir”, “Ur to‘qmoq”, “Haqgo‘y tilanchi” kabi ertaklar orqali ishtirokchilar adolat, jasorat va aql-zakovatni ulug‘lovchi voqealar bilan tanishib, mamlakatimiz va o‘zbek xalq og‘zaki ijodi haqida maʼlumotga ega bo‘ldi.

Shuningdek, tadbirda tashkil etilgan mahorat darslarida bolalar ota-onalari bilan birga o‘zbek milliy matolaridan qo‘g‘irchoqlar yasash imkoniga ega bo‘lishdi.

Bundan tashqari, tabiat va bahor mavzusida toshlarga surat chizish, qog‘ozdan dekorativ buyumlar tayyorlash kabi mashg‘ulotlar ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida yosh vatandoshlarimiz va ularning ota-onalariga mamlakatimiz madaniyati va qadimiy urf-odatlari haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish