Dehlida o‘zbekistonlik yosh ijodkor qizlarning yangi to‘plami taqdim qilindi
Aprel 01, 2026. 08:55 • 2 daq
• 282
DEHLI, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. Hindistonning Manav Rachna universiteti va ENN360 tashkiloti bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik yosh ijodkor qizlarning ingliz tilida chop etilgan “Uzbekistan, through her eyes: Stories from the Silk Road” (“O‘zbekiston uning nigohida: Ipak yo‘li hikoyalari”) nomli kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston elchixonasi xodimlari, universitet rahbariyati, ilmiy-akademik va madaniy-gumanitar doiralar vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ushbu kitob so‘nggi ikki yil ichida Hindistonda o‘zbekistonlik yosh ijodkorlarning ingliz tilida nashr etilgan uchinchi adabiy loyihasi bo‘lgani taʼkidlandi.
Bundan roppa-rosa bir yil avval Dehli shahrida “O‘zbekiston madaniy manzarasi: O‘zbekistonning isteʼdodli xotin-qizlari qalamiga mansub hikoyalar, sheʼrlar va maqolalar” to‘plami to‘plam keng jamoatchilikka taqdim etilgan edi.
Shuningdek, o‘tgan yil dekabr oyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, taniqli shoir Shuhrat Orifning «The Flying Leaf» («Uchayotgan yaproq») deb nomlangan kitobi Hindiston poytaxtida «VK Global Publications» nashriyot uyi tomonidan chop etildi.
Yangi nashr ushbu adabiy anʼananing mantiqiy davomi bo‘lib, hind kitobxonlarini Buyuk ipak yo‘li merosi va zamonaviy O‘zbekiston hayoti bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi.
Taqdimot anjumanida so‘zga chiqqanlar mazkur tashabbusni ikki xalq o‘rtasidagi «maʼnaviy ko‘prik» deb atadi va bugungi kunda O‘zbekistonda taʼlim olayotgan 15 ming nafardan ziyod hindistonlik talabalar hamda Hindiston universitetlarida tahsil ko‘rayotgan o‘zbekistonlik yoshlar o‘ziga xos «madaniyat elchilari» ekanini qayd etdi.
Ikki mamlakat yoshlarining bu kabi ijodiy hamkorligi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishda yangi avlod vakillari muhim masʼuliyatni o‘z zimmasiga olayotganidan dalolat beradi.
Manav Rachna universiteti va ENN360 tashkilotiga O‘zbekiston adabiyoti va madaniyatini Hindistonda keng targ‘ib qilishdagi faol ko‘magi uchun alohida minnatdorlik bildirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi