O'mon OAV: O'zbekistonda 2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash bo'yicha milliy dastur tasdiqlangan
Avgust 07, 2024. 12:18 • 3 daq
• 121
MASKAT, 7-avgust. /"Dunyo" AA/. O'monning "Oman Daily Observer" gazetasi O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, shoir Sirojiddin Sayyid qalamiga mansub "Ma'rifat deb savob oling. O'zbekistonda kitob mutolaasi va kitobxonlikni rivojlantirish haqida" maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Bugungi Yangi O'zbekistonda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini rivojlantirishga, kitob nashriga katta e'tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari "Ta'lim-tarbiyada tanaffus bo'lmaydi", deganlariday ziyolilar, madaniyat, adabiyot va san'at namoyondalari bilan o'tkazilgan har uchrashuvida, xalqimizga murojaat sifatida yangragan har bir tarixiy nutqida jahon tamadduni asoslarini, dunyoning hozirgi zamon ilg'or ilm-fan yutuqlarini o'rganish va bilim olish masalasiga alohida e'tibor qaratib kelmoqda. "Bilim, bilim, bilim", "Ilm, ilm, ilm" degan so'zlarni qayta-qayta ta'kidlaydi, – deb yozgan muallif.
O'zbekiston Prezidentining 2017-yil 12-yanvardagi "Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish va targ'ibot qilish bo'yicha komissiya tuzish to'g'risida"gi farmoyishi, 2017-yil 13-sentyabrdagi "Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ'ib qilish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to'g'risida"gi qarori shu bilan birgalikda "Noshirlik va matbaa sohasini yana-da rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori bo'yicha ulkan ishlar amalga oshirilgani yaxshi ma'lum.
Qayd etilganidek, 2020-yil 14-dekabrda O'zbekiston Vazirlar Mahkamasining "2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to'g'risida"gi qarori qabul qilindi.
Shuningdek, O'zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning to'rtinchisi – yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib etish bo'yicha mamlakatimizda jiddiy amaliy ishlar olib borilmoqda. Kitobxonlik tanlovlarida yoshlar, ayniqsa, o'smirlar va bolalar keng ishtirok etmoqda.
"O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari kitob mutolaasi va kitobxonlikni rivojlantirishga bag'ishlangan tadbirlarda faol qatnashayotir. Uyushma qoshida Bolalar va o'smirlar ijodiy kengashi faoliyat ko'rsatmoqda, yurtimizdagi barcha maktablar, oliy va o'rta-maxsus o'quv yurtlarida taniqli shoirlar, yozuvchilar tomonidan mahorat darslari muntazam o'tkazib kelinmoqda", – deyiladi nashrda.
2020-2023-yillar davomida Uyushma tomonidan 403 nomdagi nasr, nazm, dramaturgiya, bolalar adabiyoti, adabiyotshunoslik va badiiy tarjima yo'nalishidagi kitoblar nashr etildi. O'tgan davr mobaynida shoir, adib va tarjimonlarimiz tomonidan "Rus adabiyoti durdonalari" 100 jildlik kitoblar majmuasi, "Turkiy adabiyot durdonalari" 100 jildik kitoblar majmuasi nashrga tayyorlandi. Ushbu muhtasham loyiha davlat rahbari tomonidan qo'llab-quvvatlandi, nashr etilib, hududlarga tarqatildi.
Shu o'rinda "Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari" nomli 16 jildik kitoblar majmuasi ham O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashrga tayyorlanib, bosmaga topshirilganini alohida ta'kidlab o'tmoq joiz. Ayni paytda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan "Jahon bolalar adabiyoti durdonalari" 100 jildlik kitoblar majmuasi nashrga tayyorlanmoqda.
"Bu ishlarning hammasi avvalo yoshlar, bolalar va o'smirlar o'rtasida kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilgan. Kitob nashri, kitobxonlik targ'iboti bundan keyin ham muttasil va uzluksiz davom ettiriladi", – deb ta'kidlangan maqola xulosasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam