Logo

"The Economic Times": TXIF-2024 doirasida imzolangan shartnomalar O'zbekistonning yuksak sarmoyaviy jozibadorligi va forum muvaffaqiyatidan dalolat beradi

May 12, 2024. 12:14 • 2 daq

167
"The Economic Times": TXIF-2024 doirasida imzolangan shartnomalar O'zbekistonning yuksak sarmoyaviy jozibadorligi va forum muvaffaqiyatidan dalolat beradi

DEHLI, 12-may. /"Dunyo" AA/. Hindistonning nufuzli "The Economic Times" gazetasida Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2024) yakunlari haqida maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi global sarmoyadorlar, jumladan, Fors ko'rfazi mamlakatlari vakillarida katta qiziqish uyg'otdi va buning natijasida umumiy qiymati 26,6 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi. Xalqaro tadbir o'z maydonlarida 93 mamlakatdan 2,5 mingdan ortiq ishtirokchini jamladi. Erishilgan kelishuvlar O'zbekistonning yuksak sarmoyaviy jozibadorligi va forum muvaffaqiyatidan dalolat beradi", deb ta'kidlangan maqolada.

Xorijiy investorlar ishtirokida o'tkazilgan mintaqaviy energetika loyihalari (Qambarota GES-1 va Yovon GES qurilishi) taqdimoti forumning muhim voqealaridan biri bo'ldi. Unda O'zbekiston va Qirg'iziston Bosh vazirlari ishtirok etib, ushbu loyihalar butun mintaqa uchun muhimligini ta'kidladi, deb yozgan nashr sharhlovchisi Dipanjan Chaudhuri.

Maqolada Saudiya Arabistoni, BAA, Misr, Singapur, Xitoy, Turkiya va boshqa mamlakatlardagi hamkorlar bilan imzolangan shartnomalar va erishilgan kelishuvlar haqida batafsil ma'lumot taqdim etilgan.

"Forum dasturiga yalpi majlis, munozaralar, biznes nonushta va davra suhbatlari kiritilgan bo'lib, ularda iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning eng muhim jihatlari muhokama qilindi. Davlat, investorlar va tadbirkorlarning kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlashdagi roli markaziy mavzulardan biri bo'ldi", deb yozgan maqola muallifi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish