Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlik bo'yicha Termiz muloqotining birinchi yig'ilishi yakunlari Vengriya OAV nigohida
Iyun 11, 2025. 12:01 • 2 daq
• 48
BUDAPESHT, 11-iyun. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning "Hungarian Conservative" jurnalida "Termiz muloqoti: Markaziy va Janubiy Osiyo aloqalarining yangi davri " sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda shu yilning 19-21-may kunlari Termiz shahrida "Tinchlik, do'stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish" mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlik bo'yicha Termiz muloqotining birinchi yig'ilishi yakunlari tahlil qilingan.
Ma'lum qilinganidek, tadbir O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi.
Maqolada O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov o'z nutqida anjumanning Termiz shahrida o'tkazilishi ramziy ma'noga egaligini qayd etdi. "Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida joylashgan ushbu qadimiy shahar azaldan mintaqalarni bog'lovchi muhim markaz bo'lib xizmat qilgan", – deya ekspertning so'zlaridan iqtibos keltirilgan materialda.
Shuningdek, Eldor Aripov Termiz zardushtiylik, buddaviylik, xristianlik va islom an'analari paydo bo'lgan va rivojlangan madaniyatlararo hamda diniy muloqot markazi bo'lganini ham qo'shimcha qildi. Yunon-Baqtriya, Kushon podshohliklari va boshqa qadimiy davlatlar o'rtasida joylashgan shahar Temuriylar davrida taraqqiy etib, yirik savdo, hunarmandchilik va ilm-ma'rifat maskaniga aylangan
Qolaversa, Hindiston va Markaziy Osiyoni bog'lovchi qadimiy Shimoliy savdo yo'li ham Termiz orqali o'tgan. Bugun shahar izchil modernizatsiya qilinmoqda va O'zbekistonning janubiy darvozasi sifatidagi maqomini tiklagan holda yana Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi muhim bog'lovchi bo'g'inga aylanmoqda.
"SMTI rahbariga ko'ra, Termizning boy tarixiy merosi umumiy taraqqiyot uchun yangi strategik imkoniyatlarni ochadigan hamkorlikning yagona makonini barpo etish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Shuningdek, Eldor Aripov Termiz muloqotining ahamiyatiga ham alohida to'xtalib o'tdi. Uning so'zlariga ko'ra, global beqarorlik sharoitida barcha o'zaro hurmat va teng huquqli ishtirokka asoslangan erkin va konstruktiv muloqot har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi", – deya urg'ulangan materialda.
Qayd etilishicha, shu maqsadda 2021-yilning iyul oyida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o'zaro bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar" mavzusida yuqori darajadagi xalqaro anjuman o'tkazildi, 2022-yilda esa BMTning tegishli rezolyutsiyasi qabul qilindi. Bu qadamlar hamkorlik va tarixiy aloqalarni tiklashga asoslangan yangi mintaqaviy kun tartibiga asos soldi.
"Bugun buning uchun barcha zarur sharoitlar mavjud, – dedi SMTI rahbari. – Markaziy Osiyoda Janubiy Osiyo bilan hamkorlikni birgalikda chuqurlashtirish uchun mustahkam hamjihatlik shakllangan. "CASA-1000", TAPI va Transafg'on yo'lagi loyihalarining qo'llab-quvvatlanishi ham bunga isbot bo'la oladi", – deb yozilgan "Hungarian Conservative" jurnalida bosilgan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida