Logo

"Phoenix Weekly": O'zbekiston 2024-yilda dunyodagi eng yaxshi sayyohlik yo'nalishlaridan biri deb topildi

Mart 30, 2024. 11:10 • 2 daq

234
"Phoenix Weekly": O'zbekiston 2024-yilda dunyodagi eng yaxshi sayyohlik yo'nalishlaridan biri deb topildi

PEKIN, 30-mart /"Dunyo" AA/. Xitoyning ommabop "Phoenix Weekly" jurnalida "O'zbekiston: Ipak yo'li durdonasi" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda ta'kidlanishicha, O'zbekiston dunyoning mashhur sayyohlik maskaniga aylanib bormoqda. Nufuzli sayohat jurnali "Lonely Planet" tomonidan O'zbekiston 2024-yilda dunyodagi eng yaxshi sayyohlik yo'nalishlaridan biri deb topildi.

O'zbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlari sayyohlar uchun eng mashhur yo'nalishlardir. Bu yerda sayyohlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

"Samarqand Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shahar bo'lib, 2500 yildan ortiq tarixga ega. Uning qulay joylashuvi Ipak yo'lining gullab-yashnashiga katta hissa qo'shgan. 2001-yilda Samarqand YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan, – deyiladi maqolada. – Samarqandda joylashgan Registon maydoni, Go'ri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va boshqa ko'plab diqqatga sazovor joylar dunyo sayyohlarining e'tiborini o'ziga jalb qilib kelmoqda".

Yana bir tarixiy shahar bo'lgan Buxoro o'ziga xos me'morchilik uslubida barpo etilgan. Shahar markazida joylashgan Kalon minorasi juda chiroyli va sayyohlar borib ko'radigan mashhur joydir.

"Ayni paytda O'zbekiston Xitoyning sayyohlik kompaniyalari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda turizmni rivojlantirish ustida ishlamoqda. 2020-yilda Samarqand shahrida O'zbekistonga tashrif buyuruvchi xitoylik sayyohlarga xizmat ko'rsatish uchun xitoy tilida so'zlasha oladigan gidlar va Xitoy taomlarini tayyorlashni o'rgatishga ixtisoslashgan "Ipak yo'li" turizm xalqaro universiteti tashkil etildi", – deya ta'kidlagan "Phoenix Weekly".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish