AQSh Kongressida o'tkazilgan "O'zbekiston kuni" Amerika ommaviy axborot vositalari diqqat markazida
Iyul 30, 2025. 17:23 • 2 daq
• 80
VASHINGTON, 30-iyul. /"Dunyo" AA/. AQSh Kongressida o'tkazilgan "O'zbekiston kuni" Amerika ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, Amerikaning ommabop "The Times of Central Asia" va "Diplomatic Watch" nashrlari tadbir haqida, shuningdek, mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyatiga bag'ishlangan maqolalarni e'lon qildi.
Jumladan, "The Times of Central Asia" nashrining xabar berishicha, O'zbekiston kuni doirasida O'zbekiston delegatsiyasi ishtirokchilarni mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlar bilan atroflicha tanishtirdi, tashqi siyosatning asosiy ustuvor yo'nalishlarini taqdim etdi, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalalari bo'yicha respublika pozitsiyalarini bildirdi.
"Mamlakat rahbariyati zamonaviy dunyoning yetakchi davlatlari, birinchi navbatda, AQSh bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratmoqda. Tomonlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishning ustuvor ahamiyatini ta'kidladilar, bu Amerika ishbilarmonlar delegatsiyasining Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi ishtiroki bilan ham tasdiqlandi", – deyiladi nashr.
"Diplomatic Watch" forumda Kongress a'zolari, Amerika-O'zbekiston Savdo palatasi rahbarlari, AQShning qator kompaniya va jamg'armalari rahbarlari so'zga chiqib, mintaqadagi ijobiy o'zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchiga aylangan O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar muhimligini ta'kidlagani haqida yozdi. Savdo, investitsiya, shuningdek, odamlar va biznes o'rtasidagi aloqa o'zaro hamkorlikning asosiy yo'nalishlari sifatida ta'kidlandi.
Ma'lum qilinishicha, kongressmen Trent Kelli O'zbekiston-Amerika strategik sherikligi jadal rivojlanib borayotganini olqishlagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O'zbekiston ijobiy o'zgarishlar yo'lidan ishonch bilan odimlamoqda. Xususan, inson huquqlari mustahkamlanib, demokratik institutlar kengaymoqda, xalqaro hamkorlik imkoniyatlari yaratilmoqda.
"Diplomatic Watch", shuningdek, O'zbekiston bilan sarmoyaviy hamkorlik imkoniyatlariga ham e'tibor qaratib, mamlakat xalqaro investorlar uchun jozibador manzilga aylanib borayotgani haqida yozdi.
"So'nggi yetti yilda mamlakatga 120 milliard dollar sarmoya jalb qilindi va 6 mingdan ortiq korxona tashkil etildi", – deyiladi manbada.
Qayd etilishicha, O'zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish va sarmoyaviy muhitni yaxshilash, transport tarmog'ini, jumladan, avtomobil va temir yo'llarni modernizatsiya qilishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilyapti. Qayta tiklanadigan energiya manbalari faol joriy etilib, barqaror elektr ta'minoti ta'minlanmoqda.
Shuningdek, O'zbekiston investorlarga soliq imtiyozlari, bojxona to'lovlaridan ozod qilish va mulk huquqini himoya qilish kafolatlarini taqdim etmoqda.
Maqola xulosasida, "O'zbekiston strategik joylashuvi, boy tabiiy resurslari, rivojlangan infratuzilmasi va davlat tomonidan taqdim etilayotgan kafolatlar bilan investorlarni o'ziga faol jalb etmoqda", – deb yozilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida