Logo

O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirish milliy modelini shakllantirish Hindiston ommaviy axborot vositalarining nigohida

Yanvar 25, 2024. 09:43 • 3 daq

259
O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirish milliy modelini shakllantirish Hindiston ommaviy axborot vositalarining nigohida

DEHLI, 25-yanvar. /"Dunyo" AA/. Hindistonning «Diplomacy India» va "Sarkaritel" axborot portallarida o'zbekistonlik ekspert, iqtisod fanlari doktori Dildora Karimovaning O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirishning milliy modelini shakllantirish bo'yicha ko'rilayotgan sa'y-harakatlarga bag'ishlangan maqolasi e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston Respublikasining 2023-yilda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyasida belgilangan «ijtimoiy davlat» tamoyillari fuqarolarning ijtimoiy himoyaga bo'lgan manfaatlari va huquqlarini so'zsiz ta'minlash, aholiga ko'rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, shuningdek, mazkur sohada ilg'or xalqaro standartlarga asoslangan boshqaruvning mutlaqo yangi tizimini joriy etishni taqozo etadi, - deb ta'kidlagan ekspert. - Davlat mehnatga layoqatli aholi daromadlarini oshirish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini muhofaza qilish mexanizmlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi samarali va manzilli ijtimoiy himoya va kambag'allikni bartaraf etish siyosatini olib borish majburiyatini o'z zimmasiga oldi".

Materialda "O'zbekiston-2030" strategiyasida "Har bir insonga o'z salohiyatini ro'yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish" birinchi ustuvor yo'nalish etib belgilangani qayd etilgan. Buning uchun ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida islohotlar o'tkazish, ijtimoiy xizmatlar tizimini qayta ko'rib chiqish va qashshoqlikni kamaytirish nazarda tutilgan.

Mamlakatda 2030-yilgacha bo'lgan davrda aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi qabul qilingan. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning barcha hududlarda bo'limlari, shuningdek, respublikaning har bir shahar va tumanida "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi.

Makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, mutanosib mintaqaviy siyosat yuritish, infratuzilma va tadbirkorlikni keng rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlashning ustuvor yo'nalishlarini o'z ichiga olgan 2030-yilgacha bo'lgan davrda kambag'allikni qisqartirish strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Iqtisodiy mexanizmlar bilan bir qatorda ta'lim va sog'liqni saqlash tizimlari samaradorligini oshirish, aholining ehtiyojmand qatlamlariga ijtimoiy yordam va xizmat ko'rsatish tizimini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

«Minimal iste'mol xarajatlariga asoslangan milliy kambag'allik chegarasi tasdiqlandi. Ushbu mezondan kelib chiqqan holda, 2021-yilda kambag'allik darajasi 17 foizni tashkil etgan bo'lsa, 2022-yilda mazkur ko'rsatkich 14 foizga tushdi, 2023-yilda esa 12 foizdan iborat bo'lgani taxmin qilinmoqda», deb qayd etilgan maqolada.

Portal o'quvchilari e'tibori O'zbekiston 2030-yilgacha iqtisodiyot hajmini ikki barobarga oshirish va o'rtacha daromaddan yuqori bo'lgan davlatlar qatoriga qo'shilish maqsadini amalga oshirayotganiga qaratilgan. Shu bilan birga, 2026-yilgacha qashshoqlikni 2 barobarga qisqartirish rejalashtirilgan.

Mamlakatda chora-tadbirlarning manzilliligini kuchaytirish maqsadida davlat yordamiga muhtoj oilalar va fuqarolarning hisobini yuritishga yondashuv o'zgartirildi. Nafaqalar berish jarayonlarining manzilli va shaffofligini ta'minlash maqsadida yagona elektron axborot bazasi — Ijtimoiy himoya yagona reyestri yaratildi, deya ta'kidlagan material muallifi.

Mazkur axborot tizimida kam ta'minlangan oila sifatida ro'yxatga olingan oilalarga nafaqat bolalar nafaqasi va moddiy yordam, balki ijtimoiy xizmatlar va yordam bepul yoki imtiyozli shartlarda ham ko'rsatiladi.

Ekspert maqolada O'zbekistonda milliy modelni joriy etish orqali kambag'allikni kamaytirish bo'yicha tizimli ishlar olib borilayotgani haqida amaliy misollar orqali batafsil ma'lumot taqdim etgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish