Turk olimi Xivaga qilgan sayohati taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi
May 08, 2026. 12:25 • 2 daq
• 130ANQARA, 9-may. /“Dunyo” AA/. Turkiyadagi “Aksaray’ın hafızası” jurnalida turkiyalik olim, professor Suleyman Do‘g‘anning “Ota yurtim O‘zbekistonning Xivasidan maktub” nomli maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Olim maqolasida Xivani 2700-yildan ortiq tarixga ega, Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgan, o‘zligini saqlab qolgan noyob ochiq osmon ostidagi muzey-shahar sifatida ta’riflaydi. Professor qadimiy obidalar va zamonaviy infratuzilma o‘rtasidagi hayratlanarli uyg‘unlikni alohida e’tirof etadi.
Maqolada YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Ichan qal’aga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Suleyman Do‘g‘an mahobatli obidalar orasida sayr qilar ekan, Xorazmning Al-Xorazmiy, Zamaxshariy va Ogahiy kabi buyuk allomalarini yodga oladi hamda Markaziy Osiyodagi birinchi Fanlar akademiyasi – Ma’mun akademiyasi aynan shu zaminda tashkil etilganini eslatadi.
Tadqiqotchi Kalta Minor minorasi, 218 ta o‘ymakor ustunli Juma masjidi, 56 metr balandlikdagi Islomxo‘ja minorasi, Toshhovli va Nurullaboy saroylari kabi me’morchilik durdonalarini alohida ta’riflaydi. Shuningdek, u XIX asrda mintaqaga tashrif buyurgan vengriyalik sharqshunos Arminiy Vamberining tarixiy qaydlariga murojaat qilib, ularni o‘lkada ta’lim rivoji haqidagi o‘z kuzatuvlari bilan boyitadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, XX asr boshlarida bu yerda 1500 dan ortiq maktab va madrasa mavjud bo‘lib, ular nafaqat ta’lim muassasalari, balki ilmiy markazlar sifatida ham faoliyat yuritgan. O‘sha davrda Xivada maxsus ayollar masjidining mavjudligi ham tadqiqotchini hayratga solgan.
Suleyman Do‘g‘an o‘z taassurotlari haqida so‘z yuritar ekan, to‘rt marta tashrif buyurganiga qaramasdan, Xiva u uchun hali ham bitmas-tuganmas sirlar va madaniy boyliklar manbai bo‘lib qolayotganini qayd etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


