Logo

«Yomiuri Shimbun» gazetasi "Ekspo-2025" ko'rgazmasi doirasida o'tkazilgan O'zbekiston Milliy kuni tadbirlari haqida yozmoqda

Avgust 22, 2025. 11:58 • 2 daq

59
«Yomiuri Shimbun» gazetasi "Ekspo-2025" ko'rgazmasi doirasida o'tkazilgan O'zbekiston Milliy kuni tadbirlari haqida yozmoqda

TOKIO, 22-avgust. /"Dunyo" AA/. Yaponiyaning «Yomiuri Shimbun» gazetasida "Ekspo-2025" doirasida O'zbekiston Milliy kuni o'tkazildi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada 17 avgust kuni Osaka shahridagi "Ray Garden" tantanalar saroyida bo'lib o'tgan O'zbekiston Milliy kuni doirasida tashkil etilgan madaniy dasturlar keng yoritilgan. Ma'lum qilinishicha, unda "Bahor" davlat raqs ansambli va O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Nodira Pirmatova ishtirokidagi konsert dasturi, an'anaviy milliy liboslar va karnay-surnay sadolari ostidagi madaniy parad 50 mingdan ziyod xalqaro mehmonlar ishtirokida bo'lib o'tdi.

Ta'kidlanishicha, tadbir doirasida O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi, Nara shahri va Nara Milliy muzeyi o'rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat 2027-yilda Buyuk ipak yo'liga bag'ishlangan ko'rgazmani tashkil etish hamda madaniy meros sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishni nazarda tutadi.

"Ekspo-2025"da O'zbekiston "Bilimlar bog'i" mavzusidagi pavilyon bilan ishtirok etmoqda. "Unda o'zbek an'anaviy me'morchiligi elementlari yapon sugi yog'ochi bilan uyg'unlashtirilib, inson va tabiat birligi zamonaviy arxitektura orqali ifodalangan", – deb yozilgan manbada.

Pavilyon mehmonlarni O'zbekistonning hunarmandchilik, fan, texnologiya, barqaror rivojlanish va madaniy meros sohasidagi yutuqlari bilan tanishtirmoqda.

Maqola "Tashrif buyuruvchilar O'zbekistonni boy merosga ega, turli madaniyatlar tutishgan va turli millat vakillari tinch-totuv yashaydigan dinamik, rivojlanayotgan mamlakat sifatida e'tirof etmoqda", – degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish