Bobur shahri shunchaki qurilish loyihasi emas – bu o'tmishga bo'lgan ehtirom hamda O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi kelajakdagi hamkorlik ruhining ramzidir

Aprel 19, 2025. 07:45 • 4 daq

129
Bobur shahri shunchaki qurilish loyihasi emas – bu o'tmishga bo'lgan ehtirom hamda O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi kelajakdagi hamkorlik ruhining ramzidir

ISLOMOBOD, 19-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari xorij, jumladan Pokiston jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish kuzatib borilmoqda hamda yetakchi ommaviy axborot vositalarida bu jarayonlar to'g'risida ko'plab maqolalar chop etilayotir, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, O'zbekiston Prezidentining Andijon viloyatiga safari chog'ida yangi bunyod etilgan shahar bilan tanishgani, unga Bobur shahri deb nom berish tashabbusini bildirgani to'g'risida Pokistonning "Associated Press of Pakistan", markaziy axborot agentligi platformasida, shuningdek, mezbon mamlakatning yetakchi nashrlari – "Independent News Agency",, "Diplomatic News Agency" va "Media Online Today" axborot agentliklari, "Pakistan in the World", "The Diplomatic Insight" va "Centreline" jurnallari, "Islamabad Post", "The Tribune International" gazetasi, "The Gulf Observer", "The Europe Today" va "World News" kabi onlayn portallarida turkum maqolalar e’lon qilindi.

Nashrlarda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida yangi barpo etilayotgan shaharga buyuk Boburiylar sulolasiga asos solgan, o'zbeklar va pokistonliklar uchun birdek qadrli tarixiy shaxs – Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilishini e’lon qilgani Markaziy va Janubiy Osiyoning millionlab insonlar qalbida faxr tuyg'ularini uyg'otgani ta’kidlanadi.

"Prezident Shavkat Mirziyoyev buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho merosiga alohida e’tiborni qaratdi. Ilm-fan, adabiyot va madaniyatga qo'shgan beqiyos hissasini ulug'lash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida yangi qurilayotgan shaharni Bobur shahri deb nomlashni taklif qildi", – deyiladi materiallarda.

"Bobur Mirzo Temuriylar Renessansining munosib vorisi, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyotning homiysi edi. Uning beqiyos merosi xalqimizni butun dunyoga mashhur qildi. Uning nomi bilan ataladigan shahar qurilishi u umr bo'yi orzu qilgan orzusining timsolidir", – deya O'zbekiston Prezidenti so'zlaridan iqtibos keltirilgan nashrlarda.

Pokiston OAV ta’kidiga ko'ra, Bobur merosi asrlar davomida tarix, me’morchilik obidalari va madaniyat orqali yashab kelayotgan Pokiston uchun ushbu voqelik birlik va mushtarak merosning yorqin ifodasidir.

Maqolalarda Andijon Bobur tug'ilgan joy, O'zbekistonning aholi zich joylashgan hududlaridan biri hisoblanishi, mamlakat aholisining 10 foizi yashovchi ushbu hudud mamlakat yer maydonining atigi 1 foizini tashkil etishi qayd etilgan.

"Shu bois, 2021-yilda hukumat tomonidan ushbu holatni urbanizatsiya bilan bog'liq vaziyatni yengillashtirish va zamonaviy turmush sharoitlarini ta’minlash maqsadida yangi shahar qurish bo'yicha ulkan loyiha boshladi. Bu keng ko'lamli loyiha 4000 gektarlik ilgari foydalanilmagan yerlarda sakkiz bosqichda amalga oshirilmoqda", – deyiladi maqolalarda.

Bobur nomi bilan ataladigan ushbu kelajak shahri zamonaviy va texnologiya jihatdan rivojlangan, biroq madaniy va ma’naviy qadriyatlarga chuqur bog'langan shahar sifatida rejalashtirilgani, uning markazida maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, universitet, muzey, kutubxona va IT-parkni o'z ichiga olgan yirik ta’lim majmuasi joylashishi, shaharda jahon darajasidagi sport inshooti ham barpo etilishiga o'quvchilarning e’tibori qaratiladi.

Hozirga qadar 63 ta ko'p qavatli uy, 1680 o'quvchiga mo'ljallangan zamonaviy zamonaviy maktab, bolalar bog'chasi, tibbiyot markazi, yengil sanoat korxonasi va turar joy markazi qurib bo'lingani, Yo'llar, suv ta’minoti, gaz, elektr va isitish tizimlari kabi asosiy infratuzilma to'liq shakllantirilgani, ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun yangi suv ombori va taqsimlash stansiyasi ham ishga tushirilganiga urg'u berilgan.

"Shaharni bunyod etish uchun 250 million dollarlik maxsus rivojlanish dasturi tasdiqlangan. Bobur shahri to'liq qurib bitkazilgach, 410 mingdan ortiq aholiga zamonaviy, ma’naviy va ma’rifiy muhitda yashash, o'qish va o'z ustida ishlash imkonini taqdim etadi", – deb yozilgan manbalarda.

Bundan tashqari, atrof-muhit va dam olish hududlariga ham katta e’tibor qaratilayotgani, 19 gektar maydonni egallagan "Yangi O'zbekiston" bog'ida 10 mingdan ortiq daraxt ekilgani, dam olish uchun go'zal hududlar va madaniy tadbirlar uchun amfiteatr mavjudligi ham ta’kidlangan.

Pokiston OAV mazkur shaharning eng baland nuqtasida Zahiriddin Muhammad Boburga bag'ishlangan ulkan haykal o'rnatilishi, bu uning tug'ilgan yurtiga ma’naviy qaytishi ramzi bo'lishini alohida urg'ulagan.

"Bobur shahri shunchaki qurilish loyihasi emas – bu o'tmishga bo'lgan ehtirom va O'zbekiston hamda Pokiston o'rtasidagi kelajakdagi hamkorlik ruhining ramzidir", – deyilgan maqolada.

Bobur va Boburiylar san’at, she’riyat, me’morchilik va davlat boshqaruvida qoldirgan meros Janubiy Osiyo tarixini shakllantirdi. O'zbekistonning ushbu tashabbusi ikki do'st xalqlar o'rtasidagi chuqur madaniy bog'liqlikni yana bir bor tasdiqladi. Bobur o'z yurtini sog'inib yashagan edi – ushbu shahar uning yurtiga qaytish ramzi, mushtarak tariximizning uzviy bog'liqligining abadiy yodgorligi bo'ladi.

Maqolalar O'zbekiston Prezidentining qo'yidagi so'zlar bilan yakunlangan: "Barchamiz bilamizki, Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoning qayerida, qaysi o'lkada bo'lmasin, bir umr vatan sog'inchi bilan yashagan. Bugun buyuk ajdodimizning armonlari ushaldi, ul zot o'z yurtiga ruhan qaytib keldi, desam, o'ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo'shilasiz. Mana shunday ulug', tarixiy kun barchamizga muborak bo'lsin!".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish