Logo

Xivadagi “Lazgi” festivali nemis OAVda yoritildi

May 07, 2026. 19:10 • 2 daq

181
Xivadagi “Lazgi” festivali nemis OAVda yoritildi

BERLIN, 7-may. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “Düsseldorfer Blatt” nashri bosh muharriri Svetlana Raynvart III Xalqaro “Lazgi” raqs festivali yakunlariga bag‘ishlab maqola tayyorladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, ushbu nufuzli festival qadimiy Xivaning betakror Ichan-Qalʼa tarixiy majmuasida o‘tkazilgan.

Ekspertlar fikricha, raqs bayrami o‘zining yorqinligi va milliy koloriti bilan ajralgan holda dunyoning turli mamlakatlari xoreografiya sanʼatini bir maydonda jamlagan.

Bu yilgi festivalda 30 dan ortiq mamlakatdan 300 nafarga yaqin sanʼatkor ishtirok etdi. Festival doirasida raqs sanʼatining jahon madaniyati rivojidagi o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya, ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari va forumlar tashkil etildi.

Shuningdek, materialda “Lazgi” raqsining ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratilgan. Mashhur xorazmcha xalq raqsi hisoblangan “Lazgi” O‘zbekiston madaniy merosining yorqin ramzlaridan biridir. 2019-yilda “Lazgi” YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani uning jahon miqyosidagi ahamiyatini yanada oshirdi.

Festival yakunlariga ko‘ra turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar eʼlon qilindi. Tanlov Gran-prisini o‘zbekistonlik qo‘lga kiritdi. Turli nominatsiyalarda esa Turkiya, Malayziya, Rossiya, Qirg‘iziston va Xitoy ishtirokchilari g‘olib bo‘ldi. Qirg‘iziston, Hindiston, Yaponiya, Turkmaniston va Qozog‘iston vakillari esa maxsus mukofotlarga sazovor bo‘ldi.

“Düsseldorfer Blatt”da taʼkidlanishicha, “Lazgi” festivali raqs sanʼati xalqlar o‘rtasidagi muloqotning universal tili ekanini yana bir bor namoyon etdi. Xiva bir necha kun davomida turli milliy anʼanalar, musiqa, raqs sanʼati mahorati va milliy o‘ziga xos ijodiy muloqotning uyg‘unlashtirgan xalqaro madaniy maydonga aylandi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish