"Bernama" AA: O'zbekistonda malayziyalik hamkorlar bilan 5 milliard AQSh dollaridan ortiq qiymatga ega bo'lgan 40 dan ortiq loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan
Sentabr 14, 2025. 08:31 • 2 daq
• 134
KUALA-LUMPUR, 14-sentabr. /"Dunyo" AA/. Malayziyaning "Bernama" axborot agentligi "Malayziya O'zbekistonning mintaqadagi muhim hamkori" sarlavhali maqolani e'lon qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada Kuala-Lumpur shahrida O'zbekiston davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan o'tkazilgan qabul marosimi tafsilotlari qalamga olingan.
"Elchi Karomiddin Gadoyev Malayziya 1991-yilda O'zbekiston mustaqilligini tan olgan birinchi davlatlardan biri bo'lganini, ikki davlat o'rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 21-yanvarda o'rnatilganini ta'kidladi, – deyilgan nashrda. – Davlatlar o'rtasidagi munosabatlar 5 milliard AQSh dollaridan ortiq qiymatga ega bo'lgan qo'shma loyihalar va yuqori darajadagi faol aloqalar bilan yangi darajaga ko'tarilmoqda".
O'zbekiston rasmiy vakili, shuningdek, ikki davlat rahbarlari o'rtasidagi oliy darajadagi muloqot va parlamentlararo almashinuvlar sezilarli dinamikaga ega bo'lganini qayd etdi.
Nashrda ma'lum qilinganidek, 2024-yil may oyida 16 yillik tanaffusdan so'ng Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim O'zbekistonga tashrif buyurdi. 2025-yil fevral oyida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga tashrifi amalga oshirildi. Bu O'zbekiston Prezidentining yigirma yil ichida Malayziyaga birinchi tashrifi bo'ldi.
"Mazkur tarixiy tashriflar va erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat munosabatlarida yangi sahifa ochdi", – deyilgan nashrda.
Maqolada O'zbekiston va Malayziya o'rtasidagi savdo va investitsiyalarning barqaror o'sishi alohida qayd etilgan.
Material yakunida "Hozirgi kunda O'zbekistonda malayziyalik hamkorlar bilan 5 milliard AQSh dollaridan ortiq qiymatga ega bo'lgan 40 dan ortiq loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan", – deya urg'ulangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
Kuvayt OAV: O‘zbekiston turistlar uchun jozibali mamlakatga aylanmoqda