Hindistonlik yoshlar ta’lim olish uchun O'zbekistonni tanlamoqda
Iyun 02, 2024. 07:58 • 2 daq
• 128
DEHLI, 2-iyun. /«Dunyo" AA/. Hindistonning "The New Indian Express" gazetasida hindistonlik yoshlarning O'zbekiston tibbiyot oliy bilim yurtlarida ta’lim olishga bo'lgan qiziqishi ortayotganiga bag'ishlangan maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Material muallifi Yeshi Seli so'nggi yillarda O'zbekiston universitetlarida o'qishga, ayniqsa, tibbiyot yo'nalishida mutaxassislikka ega bo'lishga qiziqish bildirayotgan hind yigit-qizlarining safi kengayib borayotgani haqida so'z yuritgan.
Xorijda oliy ta’lim olish jarayonida ko'maklashishga ixtisoslashgan "Infodata Cache Private Limited " kompaniyasi direktori, doktor Alakh Sharan Singh "The New Indian Express" nashriga intervyu berib, quyidagilarni ta’kidlagan: "Bizga O'zbekistonning turli oliy o'quv yurtlarida taklif etilayotgan tibbiyot kurslarida o'qish istagida bo'lgan yoshlardan odatdagidan ko'proq murojaatlar kelib tushmoqda. U yerda hozir minglab hindistonlik talaba tahsil olmoqda, shuning uchun ushbu mamlakat biz uchun juda ham yaxshi tanish manzildir".
Maqolada "O'zbekiston va Hindiston o'rtasida to'g'ridan to'g'ri reyslar yo'lga qo'yilgan. Tanlash uchun Toshkent, Buxoro, Samarqand, Andijon va boshqa shaharlarda ko'plab oliy o'quv yurtlari mavjud. E’tiborlisi, mazkur muassasalar eng so'nggi texnologiyalar va resurslar bilan yaxshi ta’minlangan", deb urg'u berilgan.
Hind jurnalisti O'zbekistonda kundalik xarajatlar Yevropa mamlakatlari va AQShga qaraganda ancha pastligi, ta’lim olish uchun to'lovlar hamyonbop ekani va Hindistonning yirik shaharlaridan parvoz vaqti atigi bir necha soatni tashkil qilishini ta’kidlagan.
"E’tiborli jihati, O'zbekistonda Hindistonning to'rtta oliy bilim yurti – Toshkentda Amiti universiteti, Andijonda Sharda universiteti, Jizzax viloyatida Sambram axborot texnologiyalari instituti va Buxoro viloyatida Acharya institutlar guruhi o'z kampuslariga ega. Sharda universiteti 2019-yilda O'zbekistonda birinchi bo'lib o'z kampusini ochgan", degan so'zlar bilan yakunlangan "The New Indian Express" gazetasidagi maqola.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
Kuvayt OAV: O‘zbekiston turistlar uchun jozibali mamlakatga aylanmoqda