Misrlik jurnalist Xiva shahrining boy tarixiy va madaniy merosi haqida hujjatli film suratga oldi
Iyul 28, 2025. 18:25 • 2 daq
• 68
QOHIRA, 28-iyul. /"Dunyo" AA/. Misrlik taniqli jurnalist Ahmad Qandil ijodiy safar bilan O'zbekistonda bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uning yurtimizga safari arab dunyosiga Markaziy Osiyoning boy merosini, xususan, islom sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo'lgan O'zbekiston salohiyatini keng targ'ib qilishga qaratilgan ijodiy missiyaning bir qismi bo'ldi.
Turli mamlakatlarning madaniyati, tarixi va an'analariga oid turkum telereportajlari va filmlari bilan tanilgan Ahmad Qandil safar davomida qadimiy Xiva shahrining boy madaniy va tarixiy merosi, milliy an'analari haqida hujjatli film suratga oldi.
Filmda Xivaning nafaqat me'moriy yodgorliklari, balki shahar ruhi, uning o'ziga xos muhiti, an'analari va o'zbek xalqiga xos bo'lgan mehmondo'stlik tasvirlangan. Misrlik tomoshabinlar e'tiboriga Xivaning ma'naviy merosi, xususan bu zamindan yetishib chiqqan va dunyo tamadduniga ulkan hissa qo'shgan buyuk olimu ulamolar qoldirgan meros haqidagi ma'lumotlar taqdim etiladi.
Mazkur hujjatli film Misrning mashhur "Nile TV" va "Al Mehwar TV" telekanallari, shuningdek, ommabop media platformalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etildi. E'tiborlisi, ushbu filmni ko'rgan minglab tomoshabinlar o'z izohlarida O'zbekiston tarixi va ma'naviy merosidan hayratda qolganlarini hamda yurtimizga sayohat qilish rejalari haqida yozib qoldirgan.
Ta'kidlash joizki, Ahmad Qandilning yurtimizga bo'lib o'tgan safari shunchaki jurnalistik media-tur emas, balki ikki buyuk sivilizatsiya beshigi – Misr va O'zbekiston o'rtasidagi madaniy ko'prikni yanada mustahkamlashga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo'ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida