Nemis matbuoti: Berlinda Buyuk Ipak yo'li ohangi va ranglari namoyish etildi
Noyabr 17, 2025. 16:55 • 2 daq
• 150
FRANKFURT, 17-noyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning "Deutsche Allgemeine Zeitung" nashrida "Ipak yo'li ohangi va ranglari" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada shu yil oktyabr oyida Berlin filarmoniyasida bo'lib o'tgan xalqaro gala-konsert haqida so'z yuritilgan. Ushbu madaniy tadbirda O'zbekiston, Qirg'iziston, Turkmaniston va Turkiyadan kelgan mohir musiqachilari tomonidan Yevropa va milliy mumtoz kuy-qo'shiqlar namoyish etilgan. Feruza Abdurahimova va Qahramon Bozorov dirijyorligidagi o'zbek "So'g'diyona" milliy cholg'ular kamer orkestrining o'zbek xalq musiqalari, qadimiy turkman, turk, ozarbayjon kuylari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirgan.
Nashrda ta'kidlanishicha, qadimgi Ipak yo'lining yuragi bo'lgan Markaziy Osiyo Rossiyadan to Xitoy va Afg'onistongacha cho'zilgan bo'lib, boy, rang-barang madaniy tarixga ega. Bu maskanda nafaqat savdo-sotiq, hunarmandchilik, balki madaniyat va san'at ham ancha rivoj topgan.
Shuningdek, materialda "Into the Open" jamiyati vakili, gala-konsert tashkilotchisi Nikolaus Reksrot madaniy tadbirga yuksak baho berib, o'zbekistonlik san'atkorlarning har bir chiqishini katta qiziqish va his-hayajon bilan tomosha qilganini bayon etgan.
"Berlindagi gala-konsert tomoshabinlarga unutilmas onlarni tuhfa etdi. Buyuk nemis bastakorlari – Lyudvig van Betxoven, Iogann Sebastyan Bax va Volfgang Amadey Motsartning musiqiy asarlari o'zbek milliy cholg'usida yangradi, "Navbahor" raqs ansanmbli raqqosalari ijrosidagi o'zbek milliy raqslari mahorat bilan ijro etildi", – deyiladi "Deutsche Allgemeine Zeitung" nashrida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi