Logo

Polsha OAV: O'zbekiston qadimiy Ipak yo'lining durdonasi va jadal rivojlanayotgan sayyohlik yo'nalishlaridan biridir

Mart 19, 2024. 15:39 • 2 daq

87
Polsha OAV: O'zbekiston qadimiy Ipak yo'lining durdonasi va jadal rivojlanayotgan sayyohlik yo'nalishlaridan biridir

VARSHAVA, 19-mart. /"Dunyo" AA/. Polshaning yetakchi ommaviy axborot vositalarida shu yilning 13-mart kuni "Varshava-Toshkent-Varshava" yo'nalishi bo'yicha birinchi havo qatnovini yo'lga qo'yilgani haqidagi maqolalar e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" axborot agentligi.

Xususan, ushbu mamlakatning "Rzeczpospolita" gazetasi, "Interia""dlapilota"«Agencja informacyjna»"eska.pl""money.pl""Transinfo"«Radio Maryja»«Polskie Radio»"Turystyka" kabi portallarida mazkur voqeaga bag'ishlangan turkum maqolalar joylashtirildi.

Nashrlarda ma'lum qilinganidek, birinchi reysda O'zbekistonga Polsha madaniyat va milliy meros vaziri o'rinbosari Bojena Jelazovska boshchiligidagi Seym (parlament quyi palatasi) deputati, Polsha – O'zbekiston parlamentlararo do'stlik guruhi a'zosi Tomash Kostus, "LOT Polish Airlines" kompaniyasi prezidenti Mixal Fiyol, shuningdek, ushbu mamlakatning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari, taniqli blogerlar, turoperatorlar va boshqalar o'rin olgan delegatsiya tashrif buyurdi.

Maqolalarda O'zbekiston Markaziy Osiyoning sayyohlik durdonalaridan biri sifatida qayd etilgan. "So'nggi yillarda mamlakatda turizm sohasini modernizatsiya qilish, jumladan, xorijlik mehmonlarga xalqaro andozalar asosida xizmat ko'rsatishni tashkil etishga alohida e'tibor qaratilmoqda, –  deb yozgan nashrlar. – Xususan, "O'zbekiston – 2030" strategiyasida xorijiy sayyohlar sonini 15 millionga, mahalliy sayyohlar sonini esa 25 millionga yetkazish ko'zda tutilgan".

Polsha OAV "LOT Polish Airlines" kompaniyasi Yevropa Ittifoqidan O'zbekistonga to'g'ridan-to'g'ri reyslarni taklif qiluvchi yagona aviatashuvchiga aylanganiga e'tibor qaratgan. Kompaniya tomonidan amalga oshiriladigan havo qatnovlari birinchi navbatda Germaniya, Fransiya va Shvetsiya aholisiga tranzit vazifasini bajaradi.

Qayd etilishicha, O'zbekiston qadimiy Ipak yo'lining durdonasi va eng qiziqarli hamda jadal rivojlanayotgan sayyohlik yo'nalishlaridan biri sifatida Polsha va Yevropa sayyohlari uchun juda ko'p narsalarni taklif etadi. Shuningdek, mazkur qatnovlar Polsha va O'zbekiston o'rtasida turizm va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

"O'zbekistonning asosiy turistik yo'nalishlari: Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Farg'ona, Qo'qon shaharlaridir", – deb yozgan Polsha OAV.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish