“Avrasiya”: O‘zbekistonda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va ijtimoiy rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratilmoqda
Yanvar 01, 2026. 13:25 • 3 daq
• 431
BOKU, 5-yanvar. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjondagi “Avrasiya” axborot agentligida “Iqtisodiy o‘sishdan jamiyat taraqqiyotigacha: yangi siyosiy davrda O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlari” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Materialda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yangi yil arafasida eʼlon qilingan anʼanaviy yillik Murojaatnomasi o‘tayotgan yil yakunlari sarhisob qilingan va mamlakatni kelgusi davrda rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari belgilab berilgan muhim dasturiy murojaat bo‘lgan.
2025 yil jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik va murakkab xalqaro vaziyatga qaramasdan, islohotlarni izchil davom ettirish va O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy pozitsiyasini mustahkamlash davri bo‘ldi. Shu maʼnoda, 2026-yilning O‘zbekistonda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani davlat siyosatining insonlar hayot sifati va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga yanada chuqurroq eʼtibor qaratishga o‘tayotganidan dalolat beradi.
“O‘zbekiston Prezidenti o‘z Murojaatnomasida mamlakat iqtisodiyoti ishonchli o‘sishda davom etayotganini taʼkidladi. 2025-yil muhim yutuqlar bilan yakunlandi. Davlat yalpi ichki mahsuloti birinchi marta 145 milliard dollardan oshdi, eksport 23 foizga o‘sib, 33,4 milliard dollarni tashkil etdi. Oltin-valyuta zaxiralari hajmi ilk bor 60 milliard dollardan oshdi, 43,1 milliard dollarlik investitsiyalar oqimi sanoat, energetika va infratuzilma sohalarida o‘nlab yirik loyihalarni amalga oshirish imkonini berdi”, - deya bayon etilgan maqolada.
Xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “VV-” darajasidan “VV” darajasiga ko‘tardi, bu esa tashqi moliyalashtirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratadi.
Erishilgan makroiqtisodiy natijalar ijtimoiy sohadagi ijobiy o‘zgarishlar bilan birga kechgani alohida taʼkidlandi. Faol ish bilan taʼminlash siyosati tufayli ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi, qariyb 5 million kishi barqaror daromad manbaiga ega bo‘ldi. Kam taʼminlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, manzilli ijtimoiy yordam tizimini rivojlantirish va asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirishga katta eʼtibor qaratildi. Kambag‘allik ko‘rsatkichi yil davomida 8,9 foizdan 5,8 foizga qisqardi, qariyb 1,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi.
Manbada aytilganidek, bu ko‘rsatkichlar iqtisodiyot barqarorligini oshirish va ijtimoiy rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratilgan izchil islohotlar natijasi bo‘ldi. Iqtisodiy yutuqlar davlatning ijtimoiy vazifalarni hal etish va aholini qo‘llab-quvvatlashning uzoq muddatli dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish imkonini berdi.
Murojaatnomada O‘zbekistonning pragmatik, ochiq va uzoq muddatli milliy manfaatlarga yo‘naltirilgan tashqi siyosiy yo‘liga alohida eʼtibor qaratildi. Faol va puxta o‘ylangan tashqi siyosat mamlakatning barqaror taraqqiyoti, iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro nufuzini mustahkamlashning muhim omili bo‘lib qolmoqda.
O‘tgan davrda O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar geografiyasini sezilarli darajada kengaytirdi. Ham qo‘shni davlatlar, ham dunyoning yetakchi markazlari bilan sheriklik mustahkamlanib, mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilmoqda. Bunday yo‘l O‘zbekistonning xalqaro jarayonlarda o‘zaro manfaatdor va hurmat tamoyillariga tayangan holda yanada eʼtiborli va masʼuliyatli o‘rin egallashga intilishidan dalolat beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi