Logo

Pokistondan munosabat: 2025-yil O‘zbekiston tashqi siyosiy pozitsiyalarining mustahkamlanishi bilan ajralib turdi

Yanvar 12, 2026. 14:00 • 4 daq

1083
Pokistondan munosabat: 2025-yil O‘zbekiston tashqi siyosiy pozitsiyalarining mustahkamlanishi bilan ajralib turdi

ISLOMOBOD, 12-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning «The Gulf Observer» va «The Europe Today» elektron nashrlarida «O‘zbekistonda transformatsiyaning o‘n yilligi» sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

«2025-yil O‘zbekiston tashqi siyosatida sifat jihatidan yangilanish va mavqelarni mustahkamlash bosqichi sifatida qayd etildi, – deyilgan maqolalar muqaddimasida. – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belgiyaga, Yevropa poytaxti Bryusselga tashrif buyurib, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan birgalikda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (EPCA) imzoladi. Darhaqiqat, 2025-yil chin ma’noda O‘zbekiston yili bo‘ldi. EPCAning imzolanishi, Samarqandda «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» anjumanining o‘tkazilishi, YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga (Parijdan tashqarida ilk bor) mezbonlik qilinishi, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHda Donald Tramp bilan uchrashuvi bu yuksalish sur’atini yaqqol tasdiqlaydi».

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, 2025-yil O‘zbekiston tashqi siyosiy pozitsiyalarining mustahkamlanishi bilan ajralib turdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston ochiq, pragmatik, faol va tashabbuskor tashqi siyosat olib bordi. Markaziy Osiyoda muhim o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldik, jumladan Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolandi. Ushbu mojaroda O‘zbekiston asosiy vositachi bo‘lganini ta’kidlash mumkin.

Maqolalarda yozilishicha, mamlakat butun dunyo bo‘ylab sheriklik aloqalarini shakllantirgan holda yuqori darajada samarali tashqi siyosatni rivojlantira boshladi. Bugun O‘zbekiston AQSh, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Yaqin Sharq va dunyoning ko‘plab davlatlari diqqat markazida. Ushbu barcha aktorlar O‘zbekiston bilan hamkorlikni kuchaytirishga intilayapti, chunki mamlakat global inqirozlar avj olayotgan zamonda ishonchli sherik sifatida namoyon bo‘lmoqda.

«2021-yil aprelidan buyon O‘zbekiston YEIning Umumlashtirilgan preferensiyalar tizimi doirasida Barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus rag‘batlantiruvchi tizim (GSP+) orqali Yevropa bozoriga bir tomonlama imtiyozli kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatni global bozorlarga ochdi va bunga erishish yo‘llaridan biri Markaziy Osiyoni Yevropa Ittifoqiga yaqinlashtirish bo‘ldi», – deya qayd etilgan manbalarda.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi besh yilda O‘zbekiston va YEI o‘rtasidagi savdo hajmi ikki barobardan ortiq o‘sib, 2024-yilda taxminan 6,4 milliard yevroga yetdi. Fransiya, Germaniya, Belgiya va Italiya kompaniyalari to‘qimachilik, qayta tiklanuvchi energetika va logistika sohalarida o‘z faoliyatini kengaytirdi. Hozirda O‘zbekistonda 1000 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, Yevropa investitsiya portfeli esa 40 milliard yevroga baholanmoqda.

Maqolalarda Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallasning quyidagi fikrlari keltirilgan: «O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi uchun muhim sherikdir. Bugun imzolangan tarixiy bitim YI–O‘zbekiston munosabatlarida yangi sahifa ochadi. Bu siyosiy, savdo va xavfsizlik sohalaridagi aloqalarimizda muhim qadamdir».

Nashrlarda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lida muhim qadam qo‘yilgani e’tirof etilgan. Qayd etilishicha, Vashingtonda o‘tkazilgan «Markaziy Osiyo – AQSh» sammiti va oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar hamkorlikning yangi davrini boshlab berdi.

«2025-yilda AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaqinlashuv yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. Donald Tramp BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashishga intilishi bunga misol bo‘la oladi. 2025-yil noyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonda Donald Tramp bilan uchrashuvidan so‘ng AQSh Davlat departamenti ikki tomonlama munosabatlar tarixida investitsiya ko‘lami va strategik ahamiyati jihatidan eng yirik kelishuvlar paketini e’lon qildi», – deb yozgan Pokiston OAV.

Shuningdek, maqolalarda “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi doirasida mamlakat ko‘p qirrali tashqi siyosat olib borayotgani va Osiyo hamda Yevropa o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarayotgani qayd etilgan. 

2016-yildan buyon O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilashga alohida e’tibor qaratmoqda. Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara muammosini hal etishda O‘zbekiston hal qiluvchi vositachi rolini o‘ynadi. 2025-yil 31-mart kuni Xo‘jandda uch davlat yetakchilari barcha hududiy nizolar hal etilganini rasman e’lon qildilar.

2025-yilda turizm O‘zbekistonning xalqaro imijini shakllantirishda muhim o‘rin tutdi. «BMT-Turizm» tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoda eng tez rivojlanayotgan turistik yo‘nalishlar qatoriga kirdi. Xususan, 2025-yilning 11 oyi ichida mamlakatga 10,7 million xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.

Maqolalar quyidagi so‘zlar bilan yakunlangan: «2016-yildan buyon Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi O‘zbekiston transformatsiyasi tashqi siyosatda ko‘p qirralilik, faollik, tinchlikparvarlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va ochiqlik bilan tavsiflanadi. Ko‘p vektorli diplomatiya va iqtisodiy diplomatiya O‘zbekistonni xalqaro maydonda namunaviy davlatga aylantirdi. Turizm va madaniyat orqali O‘zbekiston sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni faol targ‘ib qilib, global hamkorlik va tinchlik platformasi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda».

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish