Logo

Polsha OAV: Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi o'ttiz yildan ortiq vaqt davomida orzuligicha qolgan Jahon chempionatiga chiqish vazifasini uddaladi

Iyul 20, 2025. 08:00 • 2 daq

66
Polsha OAV: Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi o'ttiz yildan ortiq vaqt davomida orzuligicha qolgan Jahon chempionatiga chiqish vazifasini uddaladi

VARSHAVA, 20-iyul. /"Dunyo" AA/. Polshaning ommabop "Kierunek Kaukaz" elektron portalida futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilda Shimoliy Amerika qit'asida bo'lib o'tadigan Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritganiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'ttiz yildan ortiq vaqt davomida futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi o'z oldiga qo'yilgan vazifani bajara olmadi. Jahon chempionatining barcha sikllarida O'zbekiston terma jamoasiga qanday kichik detallar xalal berardi. Ammo 2026-yilda bo'lib o'tadigan Jahon chempionatining saralash bosqichlari O'zbekiston uchun omadli keldi. Xususan, shu 5-iyun kuni BAA bilan kechgan o'yinda qayd etilgan golsiz durang jamoani mundialga olib chiqdi", – deyilgan materialda.

Nashrda ta'kidlanganidek, O'zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida tarixda birinchi bo'lib Jahon chempionati final bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritgan mamlakatga aylandi.

"O'zbek futbolchilari 6 iyun kuni Toshkentga qaytganlarida ularni mamlakat rasmiylari va aholisi qahramonlardek kutib oldi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan nafaqat futbolchilar, balki jamoaga aloqador barcha – murabbiylar, shifokorlar, tarjimonlar va boshqalar davlat mukofoti bilan taqdirlandi", – deya ta'kidlangan nashrda.

Muallif yozganidek, O'zbekiston uchun milliy terma jamoaning ushbu olamshumul yutug'i maydondagi muvaffaqiyatdan ham ko'proq narsani anglatadi.

O'zbekiston o'tgan yillar davomi Jahon chempionati saralashlarida muxlislarni ko'p bora ranjitgan. Xususan, 2006-yilda Bahraynga qarshi hal qiluvchi pley-off o'yinida hakamlarning bahsli qarori O'zbekiston termasini qiyin ahvolga solib qo'ydi va yakunda jamoa pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatidan mahrum bo'ldi. 2014-yilda esa Janubiy Koreyaga qarshi o'yinda jamoa bir to'p farqi tufayli final yo'llanmasini qo'ldan boy berdi. Oradan 4 yil o'tib O'zbekiston Janubiy Koreyaga qarshi guruh o'yinida g'alaba qozonib, Rossiyada finalga chiqishi mumkin edi, biroq o'sha bahs ham durang bilan yakunlandi.

"Ushbu omadsizliklarning hammasi unutildi, mamlakat terma jamoasi o'z oldiga qo'yilgan maqsaddan chekinmadi va nihoyat, 2025-yil 5-iyun oqshomida O'zbekiston terma jamoasi o'z orzusini amalga oshirdi. Ya'ni o'ttiz yildan ortiq vaqt davomida orzuligicha qolgan Jahon chempionatiga chiqish vazifasini uddaladi", – deyilgan materialda.

Maqola so'nggida "Butun O'zbekiston xalqi sizlar bilan haqli ravishda faxrlanmoqda", – deya O'zbekiston Prezidentining ushbu muhim voqelikdan so'ng futbolchilarga yo'llagan tabrigidan iqtibos keltirilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish