Logo

O‘zbekiston turizm salohiyati Germaniya OAV nigohida

Yanvar 08, 2026. 12:19 • 2 daq

283
O‘zbekiston turizm salohiyati Germaniya OAV nigohida

BERLIN, 11-yanvar. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning nufuzli turizmga ixtisoslashgan onlayn nashri “www.reiseblick.net”da “Ulkan salohiyat: O‘zbekiston 2030-yilgacha sayyohlar sonini ikki barobarga oshirishni maqsad qilgan” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada jurnalist Fred Xafner o‘zining O‘zbekistonga qilgan safari taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan.

Muallif mamlakatimizni Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan va izchil islohotlarni amalga oshirayotgan davlat sifatida taʼriflab, sohadagi muhim raqam va faktlarni tahlil qilgan.

Materialda O‘zbekiston hukumatining turizm sohasidagi strategik maqsadlariga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Toshkentda o‘tgan xalqaro ko‘rgazmada eʼlon qilingan raqamlar nemis ekspertlarida katta qiziqish uyg‘otgan. Muallifning taʼkidlashicha, 2024-yilda mamlakatga 10 million nafar sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni 20 millionga yetkazish rejalashtirilgan.

Jurnalist Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro Turizm ko‘rgazmasi maʼlumotlariga tayanib, sohadagi iqtisodiy ko‘rsatkichlarga eʼtibor qaratadi. Jumladan, 2024-yilda turizmdan tushgan daromadning salmoqli darajada o‘sishi kuzatilgan. O‘zbekistonda bir nafar xorijlik sayyohning sarflaydigan o‘rtacha xarajati boshqa mintaqalar bilan taqqoslansa, nafaqat narx-navolarning qulayligi, balki mahsulotlar va xizmat ko‘rsatish sifati yuqoriligi bilan ajralib turishini taʼkidlaydi.

“Mamlakatning yaxshi qo‘shnichilik siyosati natijasida qo‘shni davlatlardan kelayotgan sayyohlar soni barqaror o‘sib borayotgani barobarida, Yevropa bozorida ham O‘zbekistonga bo‘lgan intilish kuchaymoqda. Xususan, Germaniyadan kelgan sayyohlar soni 2024-yilda 2023-yilga nisbatan 30 foizga o‘sib, 37,5 mingga yetgan. Bu O‘zbekistonning Yevropa uchun yangi yo‘nalish sifatida kashf etilayotganidan dalolat beradi”, - deb yozilgan maqolada.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish