Logo

O‘zbekiston qishki turizm imkoniyatlari Xitoy OAV diqqat markazida

Yanvar 07, 2026. 18:04 • 2 daq

604
O‘zbekiston qishki turizm imkoniyatlari Xitoy OAV diqqat markazida

PEKIN, 11-yanvar. /“Dunyo” AA/. Xitoyning “Target” sayyohlik jurnali sahifalarida “O‘zbekistonda qish – sayohat, ilhom va kashfiyotlar vaqti” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, zamonaviy O‘zbekiston – mehmondo‘st va oqko‘ngil insonlar, boy tarix va madaniyat, betakror meʼmorchilik hamda qadimiy anʼanalar mamlakatidir. Bu yerda har bir mehmon o‘zini xavfsiz his qilishi mumkin. Mamlakatda turistik politsiya faoliyat yuritadi, sanitariya meʼyorlariga qatʼiy rioya qilinadi, xavfsizlik darajasi bo‘yicha O‘zbekiston dunyoning eng tinch va mehmondo‘st yo‘nalishlari qatoriga kiradi.

“Qishda mamlakatning yangi qirralarini kashf etish mumkin – qor bilan qoplangan tog‘lar, shaharlarning porloq chiroqlari va sharqona mehmondo‘stlik shinamligi o‘ziga xos muhit yaratadi. O‘zbekiston qishki hordiqning haqiqiy markaziga aylanib, bu yerda ham faol ko‘ngilochar mashg‘ulotlardan, ham tabiat qo‘ynidagi osoyishta vaqtdan bahramand bo‘lish mumkin. Mamlakat professional sportchilar va tajribali chang‘ichilardan tortib, ilk bor chang‘iga tushmoqchi bo‘lgan yoki shunchaki tog‘ manzaralaridan ilhom izlayotganlargacha – barchani qabul qilishga tayyor”, deb yozilgan maqolada.

Poytaxtdan atigi oltmish besh kilometr uzoqlikda, Maygashkan tog‘ining shimoliy yonbag‘irlarida joylashgan O‘zbekiston qishki turizm sohasidagi eng yirik loyihalardan biri – zamonaviy Amirsoy tog‘-chang‘i kurortiga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Jizzax viloyati tog‘lari orasida joylashgan xushmanzara go‘sha – Zomin O‘zbekistondagi qishki hordiqning yana bir markaziga aylandi. Maqolada aytilishicha, ulug‘vor tog‘ landshaftlari, toza havo va atrofni qamrab olgan sukunatning uyg‘unligi tufayli bu yerni “O‘zbek Shveysariyasi” deb atashadi.

Materialda taʼkidlanishicha, qishki hordiq imkoniyatlari poytaxtda ham mavjud. Toshkentda zamonaviy muz obyektlari – “Xumo Arena” muz saroyi, “Ice City” sport-ko‘ngilochar majmuasi va “Ice Avenue” muz maydoni ochilgan. Ushbu maydonchalar xokkey, kyorling, figurali uchish, short-trek va qishki sportning boshqa turlari bilan shug‘ullanish imkonini beradi.

“Qishki O‘zbekiston – sharqona harorat va qorli jozibaning ajoyib uyg‘unligidir. Bu yerda tog‘larda faol hordiq chiqarish, sanatoriylarda kuch to‘plash, qadimiy afsonalarni kashf etish va bayram muhitidan zavqlanish mumkin. Bunday safar shunchaki sayohat emas, balki qayta-qayta takrorlashni istaydigan haqiqiy qishki sarguzashtga aylanadi”, deya xulosa qilingan maqolada.  

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish