Ostonada «O'zbekiston – 2030» strategiyasi mazmun-mahiyati va ahamiyatiga bag'ishlangan anjuman bo'lib o'tdi
Oktabr 08, 2023. 06:17 • 2 daq
• 162
OSTONA, 8 oktyabr. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimizning Qozog'istondagi elchixonasida «O'zbekiston – 2030» strategiyasi mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Unda Qozog'iston, Tashqi ishlar vazirligi, ekspert va tahliliy doiralar vakillari, diplomatlar, ushbu mamlakat oliy o'quv yurtlari professor-o'qituvchilari, Ostonadagi universitetlarda tahsil olayotgan O'zbekiston fuqarolari ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va davlatimiz rahbari huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, mamlakatimizning Oqtov hamda Olmaota shaharlaridagi Bosh konsulliklari xodimlari onlayn tarzda qatnashishdi.
«O'zbekiston – 2030» strategiyasi mamlakatimizni kelgusi yetti yilga mo'ljallangan taraqqiyot istiqbollarini aks ettirib, aholi farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy o'sishda muhim omil bo'lishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash va kengaytirish Strategiyaning ahamiyati, shuningdek, O'zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasining qolgan davlatlari bilan strategik sheriklik, barqaror iqtisodiy o'sish va gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish borasidagi tashabbuslari qayd etildi.
Davra suhbati ishtirokchilari 2017 yildan buyon O'zbekistonni yangilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo'lgan, «O'zbekiston-20230» strategiyasida belgilangan vazifalarni yuqori baholadilar.
Xususan, Qozog'iston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar instituti direktori maslahatchisi Janarbek Janabayev O'zbekiston bilan Qozog'iston o'rtasidagi munosabatlar hozirgi bosqichda hamkorlikning yuqori darajasida ekanini, mamlakatlarimizni qardoshlik va yaxshi qo'shnichilik munosabatlari birlashtirib kelayotganini ta’kidladi.
«Qozog'iston 30 yil davomida ko'p yutuqlarga erishgan O'zbekistonning rivojlanishi va gullab-yashnashidan manfaatdor,- dedi u. - O'zbekiston Prezidenti tomonidan e’lon qilingan yaxshi qo'shnichilik siyosati o'z samarasini bermoqda. Mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar ayirboshlash sezilarli darajada oshdi va 2022 yil yakuniga ko'ra, bu ko'rsatgich 5 milliard dollarni tashkil etdi».
Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosatni o'rganish instituti katta eksperti Gulden Kaskarboyeva, o'z ma’ruzasida O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ijobiy dinamikasini qayd etdi.
«Mamlakatlarimizni Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy integratsiyasining drayveri va mintaqalararo rivojlanish uchun jozibadorlikning asosi sifatida ta’riflash mumkin. Qozog'iston va O'zbekiston umumiy chegara hamda umumiy tarix tufayli bir-biri bilan doimo faol hamkorlik qilib kelgan. Ikki davlat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning dolzarb muammolari bo'yicha pozitsiyalarni birlashtirish, shuningdek, tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik barcha yo'nalishlarda jadal rivojlanmoqda», - dedi ekspert.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston va Iordaniya ta'lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarmoqda
Hindistondagi vatandoshimizga «Xalqlar do'stligi» ko'krak nishoni topshirildi