Logo

O'zbekistonning 12 ta oliy ta'lim muassasasi "THE Impact Rankings-2025" reytingida Top-1000 universitetlar ro'yxatiga kirdi

Iyun 18, 2025. 18:13 • 2 daq

132
O'zbekistonning 12 ta oliy ta'lim muassasasi "THE Impact Rankings-2025" reytingida Top-1000 universitetlar ro'yxatiga kirdi

TOSHKENT, 18-iyun. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 18-iyun kuni nufuzli xalqaro reyting agentligi Times Higher Education (THE) tomonidan "Impact Rankings 2025" natijalari e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalari mintaqada eng yuqori ko'rsatkichlarni qayd etib, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida mutlaq yetakchiga aylandi.

Agentlik universitetlarning BMT tomonidan belgilangan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) qo'shgan hissasini tahlil qildi. Unda O'zbekistonning 59 ta oliy ta'lim muassasasi qayd etilgan bo'lib, bu ko'rsatkich mintaqadagi eng yuqori natija hisoblanadi. Ushbu raqam bilan O'zbekiston global miqyosda vakillik bo'yicha 13-o'rindan joy oldi.

Shunmngdek, O'zbekistonning 12 ta oliy ta'lim muassasasi jahonning Top-1000 talik universitetlari ro'yxatidan o'rin egalladi. Ular orasidan uchta universitet reytingning eng yuqori — 201-300 o'rinlar bandida qayd etildi.

Ta'kidlash joizki, Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti o'tgan yilgi natijasi (301-400) ni 100 pog'ona yaxshilagan bo'lsa, O'zbekiston Milliy universiteti va "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti o'tgan yilgi reytingdagi ko'rsatkichi (601–800)dan joriy yilda 400 pog'ona ortiq yuqorilab, keskin o'sishga erishdi.

Reyting natijalariga ko'ra, mintaqaning eng kuchli 10 ta oliy ta'lim muassasasi ro'yxatidan O'zbekistonning 7 ta universiteti o'rin oldi. Bundan tashqari, mamlakat universitetlari BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bo'yicha 11 ta yo'nalishda mintaqaviy yetakchi yoki qo'shma yetakchi sifatida tan olingan.

Mazkur natijalar O'zbekistonda oliy ta'lim tizimini modernizatsiya qilish, ilmiy-innovatsion faoliyatni rag'batlantirish va universitetlarni jamiyat rivojiga faol jalb etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro miqyosdagi e'tirofi sifatida qayd etildi.

Ma'lumot o'rnida, 2021-yilda e'lon qilingan "THE Impact Rankings" reytingidan yurtimizning 12 ta, 2022-yilda 30 ta, 2023-yilda 47 ta, 2024-yilda esa 53 ta oliy ta'lim muassasasi o'rin egallagan edi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish