Logo

Xorijiy tillarni o'qitish bo'yicha eng yaxshi maktab tanlovining respublika bosqichi ishtirokchilari Buyuk Britaniyada bo'ldi

Noyabr 27, 2024. 16:30 • 55 soniya

406
Xorijiy tillarni o'qitish bo'yicha eng yaxshi maktab tanlovining respublika bosqichi ishtirokchilari Buyuk Britaniyada bo'ldi

LONDON, 27-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti sovrini uchun "Xorijiy tillarni o'qitish bo'yicha eng yaxshi maktab" tanlovining respublika bosqichi ishtirokchilari hamda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi vakillaridan iborat delegatsiyaning Buyuk Britaniyaga safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston delegatsiyasi safar davomida Oksford universiteti, Iton universiteti, Xetfordshir maktabi, "Windsor" saroyi, shuningdek, Londondagi diqqatga sazovor joylar, xususan "Tower Bridge" va mashhur muzeylarda bo'ldi.

"Ardmore" xalqaro til maktabida uning malakali mutaxassislari ishtirokida til ko'nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan darslar va sertifikat topshirish marosimi o'tkazildi.

Bundan tashqari, O'zbekiston vakillarining mamlakatimiz elchisi Ravshan Usmanov bilan muloqoti tashkil etildi.

Unda "O'zbekiston – 2030" strategiyasini "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va ularning mohiyati haqida so'zlab berildi.

Mamlakatimizning ta'lim sohasidagi xizmatlarni ko'rsatuvchi muassasalarining yildan-yilga takomillashib borayotgani, ularda jahon ta'lim standartlarining joriy etilayotgani qayd etildi. Bu esa yoshlarning sifatli va uzluksiz bilim olish imkoniyatini oshirmoqda.

Muloqot davomida ishtirokchilarga O'zbekiston va Britaniya o'rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari haqida ham so'zlab berildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish