Logo

To'qimachilik sohasida ta'lim olayotgan O'zbekiston yoshlari uchun Germaniyada treninglar tashkil etildi

May 14, 2025. 11:38 • 2 daq

101
To'qimachilik sohasida ta'lim olayotgan O'zbekiston yoshlari uchun Germaniyada treninglar tashkil etildi

BERLIN, 14-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, yurtimizdagi bir qator politexnikumlar o'qituvchi va talabalari hamda to'qimachilik sohasining yosh mutaxassislari uchun Berlin shahrida o'quv-treninglari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'quvlar Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) "O'zbekiston kasb-hunar ta'limi tizimidagi islohot va modernizatsiya jarayonlarini qo'llab-quvvatlash" loyihasi doirasida GIZ ko'magida O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda mamlakatimiz elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Toshkent shahar Shayxontohur politexnikumi, Samarqand shahar politexnikumi o'qituvchi va talabalari, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda NURTex to'qimachilik firmasi vakillaridan iborat delegatsiya bir qator uchrashuv va tadbirlarda qatnashdi.

Xususan, tekstil yo'nalishidagi politexnikumlar talabalari Berlin moda maktabida nemis tengdoshlari bilan birgalikda ikki kun davomida o'zbek-nemis liboslarini yaratish bo'yicha seminar-treningda ishtirok etdilar. Ikki mamlakat talabalarining birgalikdagi ijodiy ishlari Berlin moda maktabida tashkil etilgan ko'rgazmada namoyish etildi. 

Mazkur tadbir talabalar o'rtasida tajriba almashish, madaniy-ma'rifiy almashinuvni yo'lga qo'yish, ishtirokchilarga kasbiy ta'lim va ijodiy industriya sohasida yangi tendensiyalar bilan tanishish, turli madaniy qarashlarni uyg'unlashtirgan qo'shma moda dizayni loyihalarini yaratish, qolaversa professional ta'lim muassasalari o'rtasida hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi. 

Safar doirasida delegatsiya a'zolari Germaniyaning mutaxassislar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazlari faoliyati bilan tanishdi.

Davlat xizmatchilari va munitsipal tashkilotlar xodimlarini o'qitish va malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan Berlin ma'muriy akademiyasida va Berlin o'qituvchilar malakasini oshirish markazida o'quvchilarni kasbiy amaliyotga yo'naltirish, kasbiy malakani aniqlash bo'yicha fikr va tajriba almashildi.

 Mazkur o'quvlar ustozlar va talabalarga Yevropa yondashuvini o'rganish, madaniyatlararo almashinuvni rag'batlantirish, O'zbekiston va Germaniya kasb-hunar ta'limi muassasalari o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyat yaratdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish