Logo

O'zbekiston va Shvetsiya to'qimachilik sanoati uchun kadrlar tayyorlash bo'yicha hamkorlik qilishdan manfaatdor

Mart 30, 2024. 08:05 • 40 soniya

137
O'zbekiston va Shvetsiya to'qimachilik sanoati uchun kadrlar tayyorlash bo'yicha hamkorlik qilishdan manfaatdor

STOKGOLM, 30-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Nodir G'aniyev Shvetsiyaning Boros universiteti prorektori Kim Bolton bilan onlayn uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.



Muzokaralar davomida "O'zto'qimachiliksanoat" uyushmasi, To'qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Boros universiteti o'rtasida hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar to'qimachilik va moda, axborot texnologiyalari, barqaror rivojlanish hamda sog'liqni saqlash sohalarida qo'shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo'yicha fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunida Boros universiteti bilan hamkorlik aloqalarini davom ettirishga kelishib olindi.

Boros universiteti 1977-yilda tashkil etilgan bo'lib, uning huzurida Shvetsiya to'qimachilik maktabi hamda Shvetsiya kutubxona ishi va informatika maktabi faoliyat olib boradi. Ushbu oliy ta’lim muassasasida 19 mingdan ziyod talaba tahsil oladi, akademik xodimlar soni esa salkam 500 nafar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish