Logo

O'zbekistonda 1-avgustdan boshlab nimalar o'zgaradi?

Iyul 29, 2025. 12:49 • 2 daq

58
O'zbekistonda 1-avgustdan boshlab nimalar o'zgaradi?

TOSHKENT, 29-iyul. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizda joriy yil 1-avgustdan boshlab qonunlar va huquqiy-me'yoriy hujjatlarga kiritilgan o'zgartirishlarga ko'ra, amaldagi ayrim tartiblar o'zgaradi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri "Norma.uz" portali manbasiga asoslanib.

Ish haqi va stipendiyalar oshiriladi

Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda talabalar va o'quvchilarning stipendiyalari 10 foizga oshiriladi.

Bunda:

-mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori – oyiga 1 271 000 so'm;

-bazaviy hisoblash miqdori – 412 000 so'm etib belgilanadi.

Portlovchi moddalar bilan ishlash uchun litsenziya – FVV bilan kelishilgan holda

Endilikda portlovchi va xavfli moddalar, portlovchi qurilmalarni:

-yaratish,

-ishlab chiqarish,

-tashish,

-saqlash,

-realizatsiya qilish (sotish) bo'yicha litsenziyalarni berishda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) bilan majburiy kelishuv talab etiladi.

Yer osti boyliklaridan foydalanish qoidalari buzilgani haqidagi xabarlar uchun mukofot to'lanadi

"Geomonitoring" axborot tizimi orqali:

-yer osti resurslaridan foydalanish qoidalari buzilishi aks etgan foto va video materiallarni yuborish;

-taqdim etilgan ma'lumot uchun pul mukofoti olish mumkin bo'ladi.

Nogironligi bor shaxslar uchun ish o'rinlari zaxirasi joriy etiladi

"Yagona milliy mehnat tizimi" axborot dasturida nogironligi bor shaxslar uchun ish o'rinlarini zaxiralash tizimi joriy etiladi.

Tashkilotlar elektron ro'yxatga asosan, nogironlarning jismoniy holati, imkoniyatlari va malakasiga qarab, o'z joylashgan manzilida ish o'rinlarini zaxira qilib beradilar.

Oziq-ovqat mahsulotlariga majburiy standartlar bekor qilinadi

Bundan buyon oziq-ovqat mahsulotlari uchun majburiy standartlar o'rniga Kodeks Alimentarius standartlari asosida sanitariya qoidalari, normalar va gigiyenik me'yorlarga amal qilish talab etiladi.

Davlat organlarida jismoniy tarbiya va tana vazni indeksi nazorati joriy etiladi

Har bir ish kunida davlat organlari va tashkilotlarida jismoniy tarbiya tadbirlari o'tkaziladi. Xodimlarning tana vazni indeksi muntazam o'lchanadi va bu ma'lumotlar hrm.argos.uz platformasida doimiy ravishda e'lon qilib boriladi.

Ayrim oilalarga bog'cha uchun to'lov kompensatsiya qilinadi

Kompensatsiya mablag'lari davlat byudjeti hisobidan ajratiladi va xususiy maktabgacha ta'lim muassasalariga yo'naltiriladi.

Qabul qilingan talabalar haqidagi ma'lumot HEMIS tizimiga joylashtirilishi shart

Barcha xususiy oliy ta'lim muassasalari talabalarni qabul qilish buyrug'ini Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining HEMIS yagona axborot tizimida ro'yxatdan o'tkazishi shart. Oxirgi muddat – joriy o'quv yilining 1-oktabridan kechikmasligi kerak.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish