Islomobodda urdu tilida chop etilgan "O'zbekiston: Uchinchi Renessans – kelajak konsepti" nomli kitobning taqdimoti bo'lib o'tdi
Oktabr 17, 2025. 17:34 • 11 soniya
• 324
ISLOMOBOD, 17 oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Islomoboddagi "Daily Ittehad" media uyi bilan hamkorlikda pokistonlik taniqli jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xon tomonidan urdu tilida yozilgan "O'zbekiston: Uchinchi Renessans – kelajak konsepti" nomli badiiy-publitsistik kitobning taqdimoti o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur kitobda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O'zbekistonda yangi Uyg'onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g'oyasining mazmun-mohiyati, uning ma’naviy ildizlari va global ahamiyati batafsil tahlil qilingan. O'zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g'oyasi va uning tarixiy asoslari bilan bir qatorda, kelajak sivilizatsiyasi uchun ahamiyati ta’kidlangan. Muallif ushbu g'oya o'zbek xalqining buyuk ajdodlari merosidan ilhomlanib, zamonaviy taraqqiyot, ma’rifat va insonparvarlik tamoyillarini uyg'unlashtirishga qaratilganini alohida urg'ulagan.
Asarda O'zbekiston va Pokiston yetakchilarining Markaziy va Janubiy Osiyoni o'zaro bog'laydigan transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan tashabbuslari va uyg'un intilishlariga e’tibor qaratilgan. Muallif ta’kidiga ko'ra, bu jarayon tom ma’noda qayta tiklanayotgan afsonaviy Buyuk ipak yo'lidir. Kitobda nafaqat O'zbekistondagi yangilanish jarayonlari qalamga olingan, balki Yangi O'zbekiston taraqqiyot yo'li Pokiston va butun Sharq uchun namuna bo'lishi ta’kidlangan.
Taqdimot marosimida Pokiston Hukumati va parlamenti a’zolari, Islomobodda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus, yetakchi ekspert-tahlil, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi. Pokiston axborot va radioeshittirishlar vaziri Ataulla Tarar asosiy mehmon sifatida qatnashdi.
Tadbir avvalida ikki davlat madhiyalari yangradi. O'zbekiston Prezidentining so'nggi to'qqiz yillik faoliyatiga bag'ishlangan videorolik namoyish etildi.
Anjumanni O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev qutlov nutqi bilan ochib berdi. Diplomat O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar samarasi o'laroq, ochiqlik va bunyodkorlik davriga qadam qo'yganini bildirdi.
"So'nggi to'qqiz yilda yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ta’lim va madaniy-ma’rifiy sohalarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti ikki barobarga o'sib, 115 milliard AQSH dollariga yetdi. Eksport hajmi 26 milliard dollarga yetdi, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 130 milliard dollardan oshdi. Minglab yangi korxonalar tashkil etildi", – dedi O'zbekiston rasmiy vakili.
Shuningdek, O'zbekiston elchisi mamlakat taraqqiyoti markazida inson manfaatlari, bilim, mehnat va ma’naviy yuksalish ustuvor ahamiyat kasb etishini, davlatimiz rahbari ilgari surgan Uchinchi Renessans g'oyasi aynan shu tamoyillarga asoslanganini alohida ta’kidladi.
O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko'tarilgani, yuqori darajadagi Strategik hamkorlik kengashi ish boshlagani, Toshkent, Islomobod va Lahor shaharlari o'rtasida to'g'ridan to'g'ri aviaqatnovlar yo'lga qo'yilgani, ta’lim va madaniyat sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanayotgani aytib o'tildi. Transafg'on temir yo'li loyihasiga e’tibor qaratildi. Loyiha mintaqada tinchlik, o'zaro ishonch va iqtisodiy bog'liqlikni mustahkamlovchi, Markaziy va Janubiy Osiyoni qayta bog'laydigan strategik tashabbus sifatida e’tirof etildi.
O'zbekiston diplomatik missiyasi rahbari taqdimoti o'tkazilayotgan asar muallifi Muhammad Abbos Xon va "Daily Ittehad" media uyi rahbariyatiga mazkur kitobning yozilishi va chop etilishida qo'shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. Ta’kidlanganidek, asar O'zbekiston va Pokiston xalqlari o'rtasidagi do'stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga muhim hissa bo'lib qo'shiladi.
"Daily Ittehad" media uyi rahbari Tohir Faruq o'z navbatida, "O'zbekiston: Uchinchi Renessans – kelajak konsepti" kitobining chop etilishida ishtirok etganidan xursandligini bildirdi. "Ushbu kitob nafaqat O'zbekiston haqidagi ma’lumotlar to'plami, balki mamlakatda kechayotgan islohotlar va yangilanish jarayonlarining jonli aksini o'zida mujassam etgan muhim asar hamdir, – dedi u. – Kitob nutqlar to'plami yoki boshqa muallifning asari tarjimasi emas, balki Muhammad Abbos Xonning besh yillik kuzatuvlari samarasidir. Muallifning kuzatuvlari va tahlillari O'zbekistonning zamonaviy taraqqiyot yo'lini anglashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, asar Yangi O'zbekistonda kechayotgan tarixiy davrning muhim hujjati sifatida ham qadrli hisoblanadi".
Axborot va radioeshittirishlar vaziri Ataulla Tarar o'z nutqida, O'zbekiston va Pokiston xalqlarining tarixiy bog'liqligi to'g'risida to'xtalib, o'zbek zamini dunyoga Temuriylar sulolasining buyuk vakillarini, jumladan, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug' allomalarni yetkazib berganini yodga oldi. Vazirning aytishicha, Markaziy va Janubiy Osiyoni bog'lab turuvchi hudud azaldan Buyuk ipak yo'lining muhim tarkibiy qismi bo'lgan, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi O'zbekistonning zamonaviy siyosati aynan shu tarixiy hamkorlik maydonini qayta tiklashga qaratilgan.
Nutqining yakunida vazir Ataulla Tarar Pokiston Axborot va radioeshittirish vazirligi mazkur kitobni va O'zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g'oyalarini Pokiston jamoatchiligi o'rtasida keng targ'ib qilishda har tomonlama ko'mak ko'rsatishga tayyorligini tasdiqladi.
Muallif Muhammad Abbos Xon chiqishida mazkur kitobni yozish jarayoni, unda aks etgan g'oyalar va asarning asosiy maqsadi haqida to'xtaldi. Muallifga ko'ra, ushbu kitob uning izlanishlari, kuzatuvlari va shaxsiy taassurotlariga asoslangan bo'lib, O'zbekistondagi yangilanish jarayonlari xolisona yoritilgan.
"O'zbekistondagi ulkan o'zgarishlarni, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni va jamiyatdagi ochiqlik, inson qadrini yuksaltirish, ta’lim va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan siyosatni va uning samarali natijalarini bevosita kuzatish imkoniga ega bo'ldim. Bugun O'zbekiston Yangi uyg'onish davrini boshdan kechirmoqda. O'zbekistonda amalga oshirilayotgan Uchinchi Renessans g'oyasi esa kelajakka ishonch, ilmiy va ma’naviy tiklanish, inson imkoniyatlarini rivojlantirish siyosatiga asoslangan umuminsoniy tajriba namunasidir" – dedi Muhammad Xon.
Ta’kidlash joizki, "O'zbekiston: Uchinchi Renessans – kelajak konsepti" kitobi Pokiston jamoatchiligini O'zbekistonning yangi tarixiy taraqqiyot yo'li bilan tanishtirish, ikki xalq o'rtasidagi madaniy va ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlashda noyob manba bo'lib xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Ayollarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish bo'yicha konferensiya tashkil etildi
"Umra-2025" yangi mavsumi boshlandi
O'zbekistonda 21 milliondan ziyod aholi mehnatga layoqatli yoshda