Logo

O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Janubiy Koreyadagi saylovlarni kuzatish bo'yicha xalqaro dasturda ishtirok etyapti

Aprel 11, 2024. 11:49 • 3 daq

183
O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Janubiy Koreyadagi saylovlarni kuzatish bo'yicha xalqaro dasturda ishtirok etyapti

TOSHKENT, 11-aprel. /"Dunyo" AA/. Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi Zayniddin Nizamxodjayev boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Janubiy Koreyada bo'lib o'tadigan, mamlakat Xalq assambleyasi (parlamenti)ning 22-tarkibini belgilaydigan umumiy saylovlarni kuzatish bo'yicha xalqaro dasturda ishtirok etyapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

MSK matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, Janubiy Koreyadagi parlament saylovlarini kuzatishda 27 ta davlatdan 58 nafar saylov organlari, shuningdek, saylov masalalari bilan shug'ullanuvchi xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda.

Joriy yilning 5-aprel kuni Xalqaro kuzatuv dasturining rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi, unda ishtirokchilar Janubiy Koreyaning amaldagi saylov tizimi, uning shakllanish va rivojlanish bosqichlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldilar.

 Xalqaro kuzatuv dasturi doirasida O'zbekiston delegatsiyasi 5-6-aprel kunlari Seul shahridagi saylov uchastkalarida bo'lib o'tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarini kuzatishda ishtirok etdi.

8 aprel kuni O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari 2024-yilgi saylovlar bo'yicha Seul xalqaro forumida ishtirok etdi.

 Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi har yili bahorda mazkur xalqaro forumga mezbonlik qilib keladi. Komissiya bu sohadagi mutaxassislarni saylovlarni boshqarish bilan bog'liq masalalarni muhokama qilish, fikr almashish va butun dunyo bo'ylab saylovlarni qanday qilib shaffof, adolatli va yaxshiroq o'tkazishni muhokama qilish uchun taklif qiladi. Forum siyosiy qutblanish va zamonaviy saylov jarayonlarida sun'iy intellektning o'rni masalalariga bag'ishlangan sessiyalar doirasida tashkil etildi.

Shu kunning o'zida O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi va Koreya Milliy saylov komissiyasi raisi o'rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo'lib o'tdi. Zayniddin Nizamxodjayev Koreya MSKga saylovlarni kuzatish bo'yicha xalqaro dasturda ishtirok etish taklifi va informativ suhbat uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u yig'ilish ishtirokchilariga O'zbekiston saylov qonunchiligidagi so'nggi o'zgarishlar haqida batafsil ma'lumot berib o'tdi.

Hamkasblar 2016-yil 6-fevralda imzolangan hamkorlik to'g'risidagi Memorandum doirasida saylov kampaniyalarni tashkil etish va o'tkazish tajribasini o'rganish bo'yicha ikki mamlakat markaziy saylov organlari o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi rahbari Te-ak Ro O'zbekiston delegatsiyasiga parlament saylovini xalqaro kuzatuv dasturida bevosita ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirib, O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi bilan alohida hamkorlik aloqalar mavjudligidan mamnunligini ta'kidladi. U Komissiyalar o'rtasida o'zaro munosabatlar va hamkorlikni yanada kengaytirish va rivojlantirish istagida ekanligini bildirib o'tdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish