O'zbekiston dengizga chiqish imkoniyati bo'lmagan davlatlar parlamentlari o'rtasida tizimli muloqotni yo'lga qo'yishni taklif etdi
Avgust 05, 2025. 10:16 • 2 daq
• 72
TOSHKENT, 5-avgust. /"Dunyo" AA/. Turkmanistonning "Avaza" sayyohlik zonasida bo'lib o'tgan "Yo'nalishni belgilab: dengizga chiqish imkoni bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun Avaza harakatlar dasturini amalga oshirishga ko'maklashish" mavzusidagi Parlament forumida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi matbuot xizmatining ma'lumotiga ko'ra, tadbir davomida Senat raisi nutq so'zlab, O'zbekiston tomonidan dengizga chiqish imkoniyati yo'qligi tufayli yuzaga kelayotgan iqtisodiy va logistika cheklovlari, shu jumladan, tashqi savdoning murakkablashuvi, transport infratuzilmasining rivojlanishidagi muammolarni alohida ta'kidladi.
Qayd etilganidek, O'zbekiston dunyoda okeanga chiqish uchun kamida ikki davlat hududidan o'tishi zarur bo'lgan ikki mamlakatdan biridir.
Forum ishtirokchilari e'tiboriga O'zbekistonning mintaqaviy bog'liqlik va integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslari, jumladan, Temiryo'l va avtomobil transporti sohasida Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Xitoy kabi mamlakatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar taqdim etildi.
Ayniqsa, Transafg'on yo'lagi — Termiz–Mozori-Sharif–Qobul–Peshovar temiryo'l magistrali istiqboldagi eng muhim loyihalardan biri sifatida qayd etildi. Ushbu yo'lak Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasida savdo va logistika aloqalarini keskin rivojlantirish imkonini beradi.
Forum davomida O'zbekiston delegatsiyasi tomonidan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Xususan, dengizga chiqish imkoniyati bo'lmagan davlatlar parlamentlari o'rtasida tizimli muloqotni yo'lga qo'yish, "yashil" logistika va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, savdo va tranzit jarayonlarini soddalashtirish hamda raqamli yechimlarni joriy etish bo'yicha parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish taklif etildi.
Bundan tashqari, ilmiy va texnologik hamkorlik, innovatsion yechimlar almashinuvi va ilmiy forumlar tashkil etish zarurati ham ta'kidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Qatar parlament aʼzolari hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
Senatda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Vengriya parlamentlari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi