Logo

O'zbekiston Prezidenti statistika sohasidagi ishlarning borishi va kelgusi rejalarni ko'rib chiqdi

Noyabr 27, 2025. 18:52 • 4 daq

268
O'zbekiston Prezidenti statistika sohasidagi ishlarning borishi va kelgusi rejalarni ko'rib chiqdi

TOSHKENT, 27 noyabr. /"Dunyo" AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun O'zbekiston Milliy statistika qo'mitasining hisoboti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, joriy yil fevral oyida "Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Prezident farmoni qabul qilingan edi. Farmonga koʻra, Prezident huzuridagi Statistika agentligi Milliy statistika qoʻmitasi sifatida qayta tashkil etildi hamda statistika ishlari samaradorligini yanada oshirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.

Yigʻilishda oʻtgan davrda amalga oshirilgan ishlar koʻrib chiqildi.

Jumladan, idoralararo ma'lumot almashinuvi kengaytirilib, 60 ta integratsiya joriy etilgani natijasida hisobot yuklanmasi 27 foizga qisqardi. Shu jumladan, soliq organlarining onlayn-kassa ma'lumotlari, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'moli, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari va hosil toʻgʻrisidagi ma'lumotlarni avtomatlashtirilgan holda qabul qilish yoʻlga qoʻyildi.

Yigʻilishda yalpi milliy mahsulotning nominal hajmini hisoblashni yaxshilash boʻyicha qilingan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Bozor xizmatlari, qurilish, qishloq xoʻjaligi, sanoat va byudjet xarajatlarini statistika bilan yanada kengroq qamrab olish natijasida qoʻshimcha 81 trillion soʻm qoʻshilgan qiymat inobatga olinib, 2024-yil yakunlari boʻyicha YIM hajmi 115 milliard dollardan 121,4 milliard dollarga oshdi.

Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyot ulushi 2017-yildagi 50 foizdan 2024-yilda 35 foizgacha kamaygani ta'kidlandi. Yaqin istiqbolda yana 79 trillion soʻmlik kuzatilmayotgan iqtisodiyotni statistika bilan qamrab olib, uning ulushini 29 foizgacha tushirish imkoniyati mavjudligi ma'lum qilindi.

Prezidentimiz global bozorda elektron savdo hajmi jadal oʻsayotganini ta'kidladi. Mamlakatimizda bu sohaning oʻsish sur'atlari 9-11 foizga yetishi kutilmoqda. Shuningdek, axborot texnologiyalari va masofaviy xizmatlar, frilans kabi yangi sohalar tez rivojlanyapti. Milliy statistika tizimi oldida bu sohalarni ham qamrab olish boʻyicha muhim vazifalar turgani koʻrsatib oʻtildi.

Iste'mol narxlari indeksini tuzishda ma'lumotlarni qoʻlda yigʻish amaliyotidan voz kechib, AT va sun'iy intellekt texnologiyalariga bosqichma-bosqich oʻtish zarurligi ta'kidlandi.

Milliy statistikani zamonaviy va xalqaro darajada tan olinadigan tizimga aylantirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Xalqaro "Deloitte" konsalting kompaniyasi tomonidan 23 ta tashabbus va 70 ta loyiha ishlab chiqilgani aytildi. Ularni bosqichma-bosqich amalga oshirish statistikaning aniqligi, tezkorligi va shaffofligini oshirishga xizmat qilishi ta'kidlandi. Bundan tashqari, Jahon banki bilan birgalikda 2030-yilgacha boʻlgan davrda statistikani rivojlantirish milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

Kelgusi yil yanvar oyida boshlanadigan aholini roʻyxatga olish ishlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Hozirgacha 9008 ta mahalla boʻyicha tashkiliy rejalar tasdiqlandi, roʻyxatga olishda ishtirok etuvchi 60 ming nafardan ziyod "mahalla yettiligi" vakillari va mas'ul xodimlari uchun maxsus oʻquv kurslari oʻtkazildi.

Roʻyxatga olish elektron shaklda – maxsus portal orqali oʻtkaziladi. Ma'lumotlar portalga roʻyxatga oluvchilar tomonidan uyma-uy yurib, planshet qurilmalari yordamida kiritiladi. Jarayonlar geoaxborot tizimi orqali monitoring qilib boriladi. Buning uchun roʻyxatga olinadigan xonadonlar va turar joylarning geomanzillari shakllantirildi.

Davlatimiz rahbariga hududlarda bu boradagi ishlarning tayyorgarlik holati yuzasidan hisobot berildi.

Roʻyxatga olish jarayonlarini yanada takomillashtirish yoʻllari, shu jumladan, raqamli platformalardan foydalanish koʻnikmalarini oshirish, xorijga ishlash, oʻqish yoki xizmat safariga ketgan fuqarolarni roʻyxatga olish, uyma-uy va onlayn toʻplangan ma'lumotlarni integratsiya qilish boʻyicha aniq yechimlar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Prezidentimiz aniq, tezkor va ishonchli statistika davlat siyosatini belgilash, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishning muhim omili ekanini qayd etib, sohani strategik yondashuv asosida transformatsiya qilishni davom ettirish topshirildi.

Mutasaddilarga aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlarini yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish